Joriy yil 27-iyun kuni Indoneziya Respublikasining “Umra plyus” va ziyorat turizmi yoʻnalishida faoliyat yurituvchi 20 ga yaqin nufuzli turizm muassasalari rahbarlaridan iborat delegatsiya Samarqandga tashrif doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida boʻldi.
Mehmonlar Markazdagi ilmiy-tadqiqot ishlari, muzey faoliyati, qadimiy qoʻlyozmalar va boy maʼnaviy meros bilan tanishdi. Imom Buxoriy hazratlarining “Sahihul Buxoriy” asari orqali butun islom olamida tutgan yuksak oʻrni haqida maʼlumot berildi. Delegatsiya aʼzolari yurtimizning ziyorat turizmi salohiyatini yuqori baholab, Oʻzbekistonni “muqaddas ilm sarchashmasi”, deya eʼtirof etdi.
Oʻzaro muloqotda Indoneziya fuqarolari uchun “Umra plyus” doirasida Islom ilmi va maʼrifati markazlariga amaliy safarlarni tashkil etish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama etildi.
Ushbu tashrif islom olamidagi buyuk allomalar ilmiy merosini oʻrganishga eʼtiborni yanada oshirish va Oʻzbekistonni musulmon dunyosidagi muhim manzillardan biri sifatida kengroq targʻib qilishda alohida ahamiyat kasb etdi.
Indoneziyalik mehmonlar Imom Buxoriy nomidagi ilmiy markaz faoliyatiga yuqori baho berib, bu kabi amaliy tashriflar ikki tomonlama manfaatli va bardavom boʻlishini taʼkidladi.