Home / FOTO LAVHALAR / Yassaviya tariqati va maʼnaviy meros: Tarix, tadqiqot va istiqbol

Yassaviya tariqati va maʼnaviy meros: Tarix, tadqiqot va istiqbol

11-iyun kuni Toshkentda “Turk dunyosi va Piri Turkiston: Yassaviy yoʻli va merosi” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti hamda qator hamkor tashkilotlar va Turkiyadagi Anqara Hoji Bayram Vali universiteti tashabbusi bilan tashkil etilgan forumda ikki mamlakatdan taniqli olimlar, jumladan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Mehrojiddin Amonov ishtirok etib, soʻfiylik anʼanalari, Ahmad Yassaviy tariqati, uning tarixiy-maʼnaviy ahamiyati va zamonaviy tadqiqotlar haqida fikr almashdi.

M.Amonov “Yassaviya tariqati: silsila va shajara (Turkistondan Samarqandgacha)” mavzusidagi maʼruzasida Ahmad Yassaviy tariqati va uning mintaqa boʻylab tarqalish jarayonlariga bagʻishlangan ilmiy mulohazalarini bayon etib, yassaviylik Markaziy Osiyoda shakllangan ilk soʻfiylik maktablaridan biri ekani, u nafaqat Turkistonda, balki Toshkent, Xorazm, Buxoro va Samarqandda ham faol ravnaq topganini taʼkidladi.

Tariqatning asosiy ustuni – silsila va shajaralar orqali Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bogʻlanuvchi maʼnaviy zanjirlardir. Soʻfiylikda silsila shayxlardan shogirdlarga uzluksiz tarzda oʻtuvchi irshod, taʼlim va maʼnaviy rishta hisoblanadi. Yassaviya tariqatida bu rishta Ahmad Yassaviydan Hakim ota, Zangi ota va boshqa ulamolarga oʻtib, ular orqali Samarqand, Buxoro, Xorazm va hatto Hindistongacha tarqalgan.

Taʼkidlanganidek, yassaviylik shajaralari va qabrtosh bitiklarida oʻziga xos tarixiy maʼlumotlar saqlanib qolgan. Ular rasmiy manbalarda qayd etilmagan, ammo xalq xotirasida va epigrafik yodgorliklarda aniq aks etgan.

– Yassaviya – bu faqat tariqat emas, balki butun bir maʼnaviy maktab, uning har bir silsilasi, har bir shajarasi oʻz zamonining ruhiy tarixidir, – dedi maʼruzachi.

Tadqiqotchi tarixiy hujjatlar va yangi topilgan manbalar asosida Buxoro va Samarqandda yashagan yassaviylik shayxlarining aniq shajaralari, sulola nomlari, qabrlaridagi epigrafik maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi. Jumladan, Sayyid Ahmad xoja avlodlari, ulardan biri Muhammad Mirzo Sayyid va uning keyingi nasllari haqidagi maʼlumotlarni umumiy jihatdan tahlil qilib, tarixiy manbalar bilan bogʻladi.

Maʼruza tinglovchilar va xalqaro ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish va ehtirom bilan qarshi olindi. Ayniqsa, tarixiy shajaralar va epigrafik manbalar asosida olib borilgan tahlillar, arxiv topilmalari va ularning ilmiy yoʻnalishlardagi ahamiyati alohida eʼtirof etildi.

Tadbir Yassaviy ilmiy merosini chuqurroq oʻrganish, zamonaviy tadqiqotlar yordamida uning yangi qirralarini kashf etish va turkiy islom maʼnaviyatini xalqaro miqyosda targʻib etishga xizmat qildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yangi hayot, yangi jamiyat qurish yoʻlida

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Samarqand agrar-innovatsion va tadqiqotlar instituti hamkorligida “Diniy maʼrifat va …