Home / HADIS / ILM VA ULAMOLARNING OʻRNI

ILM VA ULAMOLARNING OʻRNI

Insonga berilgan eng ulugʻ neʼmatlardan biri ilmdir. U nur kabi qalblarni yoritadi, aql-idrokni ravshan qiladi, haq va notoʻgʻrini farqlash imkonini beradi. Ulamolar esa shu nurni bashariyat qalbiga yetkazuvchidir.

Ilm va ulamolar haqida zikr qilingan oyat va hadislarga eʼtibor qaratsak, ilm  keng maʼnoda tilga olingani va jamiyatning barcha sohalari bilan chambarchas bogʻlanganiga guvoh boʻlamiz. Mazkur manbalar diniy bilimni yagona ilm deb hisoblamaydi, balki ilmning bir qismi deb biladi.

Ilmning umumiy maʼnoda eʼtirof etilishi va ulamolar haqida Alloh taoloning quyidagi soʻzini keltirish mumkin: “Allohning osmondan suv tushirganini koʻrmadingizmi? Bas, u bilan turli ranglardagi mevalarni va togʻlardan ham yoʻl-yoʻl, oq hamda qizilning turli ranglarini va qop-qoralarini chiqardik. Shuningdek, odamlardan, hayvonlardan va chorvalardan ham turli ranglardagilarini chiqardik. Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qoʻrqarlar. Albatta, Alloh aziz va oʻta magʻfiratli zotdir” (Fotir surasi, 27–28-oyatlar mazmuni). Alloh taolo oyat avvalida yomgʻir, oʻsimliklar, togʻlar, odamlar va hayvonot haqida zikr qilgan. Soʻng “Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qoʻrqarlar” deb davom etgan. Alloh shunday mavjudotlari orqali qudratini koʻrsatmoqda. Bu narsalarning xilma-xilligi ilm ahlini Allohga yaqinlashtiradi. Ilm orqali Allohning sanʼatini koʻrib, Unga boʻlgan qoʻrquvi va muhabbati ziyoda boʻlganlar haqiqiy olimlardir.

Shuningdek, Qurʼoni karimda nozil boʻlgan ilk oyatlarda ilmning keng maʼnoda tilga olinganiga guvoh boʻlamiz. Alloh taolo Alaq surasining 1-5- oyatlarida bunday marhamat qilgan: “Yaratgan Rabbingiz nomi bilan oʻqing. U insonni alaqdan yaratdi. Oʻqing! Rabbingiz eng karamlidir! U qalam bilan ilm oʻrgatgandir. U insonga bilmagan narsani oʻrgatdi”.

Bu oyatlarda umumiy ilm va insonning ona qornida yaratilish ilmi haqida soʻz bormoqda. Shuningdek, Qurʼon dinni ilm deb ataganiga eʼtibor beramiz. Haqiqatdan ham din ilmning bir qismidir. Haq taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib: “Agar sizga kelgan ilmdan keyin ham ularning havoyi nafslariga ergashsangiz, unda, albatta, zolimlardan boʻlursiz”, (Baqara surasi, 145-oyat mazmuni) degan. Oyatdagi ilm Alloh taoloning u zotga qiblani Masjidul Aqsodan Masjidul Haromga oʻzgartirish haqida vahiydir.

Alloh taolo Oli Imron surasining 7-oyatida: “Ilmda sobit boʻlganlar esa, unga (mutashobih oyatlarga) iymon keltirdik, barchasi Rabbimiz huzuridandir, derlar. (Bundan) faqat aql egalarigina eslatma olur”, degan. Bu yerdagi ilm dinni bilish va Qurʼoni karimning mutashobih, yaʼni asl maʼnosi bandasiga nomaʼlum oyatlari haqidadir.

Islom  ilm va ulamolarga juda yuksak maqom bergan, bunga deyarli hech bir narsa tenglasha olmaydi. Quyida ushbu yuksak maqomni koʻrsatadigan dalillarni keltirib oʻtamiz.

Ilm – imonning asosi. Eʼtiqod dinda zarur boʻlgan har bir narsani aniq, qatʼiy bilish bilan haqiqiydir. Alloh taolo: “Bilginki, Allohdan oʻzga iloh yoʻq va oʻzingiz, moʻmin va moʻminalarning gunohlari uchun magʻfirat soʻrang!” (Muhammad surasi, 19-oyat mazmuni) degan. “Bilginki” deb aytilishi aqida masalasida bilimning zarurligidan dalolat beradi. Demak, Allohdan oʻzga ibodatga sazovor zot yoʻqligiga eʼtiqod qilish bilim asosida boʻlishi kerakligini bildiradi. Imom Buxoriy “Sahih”ida “Ilm soʻz va amaldan oldindir” degan bob keltirgan va bu oyat haqida “Ilmga chaqirish bilan boshlagan”, degan.

 Ilm bilan komil boʻladigan iymonning ahamiyati yuqori boʻlgani uchun Makka davri taxminan oʻn uch yil asosan eʼtiqodga bagʻishlangan va shariat hukmlari kam boʻlgan. Aqidaviy asoslar mustahkamlanganidan soʻng, Madina davri oʻzining batafsil qonunlari bilan keldi.

Ilm – ibodat. Buni farz desak ham boʻladi. Haqiqatdan ham ilm islomdagi birinchi farzdir. Yuqorida keltirilgan Alaq surasining dastlabki besh oyati shundan dalolat beradi.

Shubha yoʻqki, oʻqish inson hayotidagi eng keng va chuqur ilm olish vositasi boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Ushbu oyatlar nozil qilinganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻqishni ham, yozishni ham bilmasdilar. Bu Rasulullohning haqiqiy paygʻambarliklariga ishora edi.

Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon uchun farzdir”, dedilar” (Ibn Moja rivoyat qilgan). Bu hadisi sharifdan ilm oʻrganish farz ekanini bilamiz.

Ilm va unga oid soʻzlar Qurʼoni karim va hadisi shariflarda bir necha yuzlab zikr qilingan. Baʼzilarida ilm va ulamolarning yuksak maqomi haqida soʻz ketgan.

Jumladan, oyatlarda:

“Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻlarmidi?!” deb ayt. Albatta, aql egalarigina eslarlar” (Zumar surasi, 9-oyat mazmuni).

“Alloh sizlardan iymon keltirganlarni va ilmga berilganlarning darajalarini koʻtarur” (Mujodala surasi, 11-oyat mazmuni). Ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Ulamolar moʻminlardan yetti yuz daraja ustun boʻlib, har darajaning orasi besh yuz yillik yoʻlga teng”, degan (“Ihyou ulumid din” asaridan).

“U Zot kimni xohlasa, oʻshanga hikmatni beradi. Kimga hikmat berilsa, unga koʻp yaxshilik berilgan boʻladi. Faqat aql egalarigina eslarlar” (Baqara surasi, 269-oyat mazmuni). Mufassirlar “hikmat” soʻziga turli maʼnolar bergan. Aksari ilm deb va ilmga yaqin boʻlgan maʼnoda tafsir qilgan.

“Alloh adolat bilan turib, albatta, Undan oʻzga iloh yoʻqligiga shohidlik berdi. Farishtalar va ilm egalari ham” (Oli Imron surasi, 18-oyat mazmuni). Imom Gʻazzoliy ilmning fazilati haqida ushbu oyatni keltirib: “Qarang, Subhanahu va taolo oʻzidan boshlab, keyin farishtalarni, soʻng ilm ahlini zikr qilmoqda. Bu sizga sharaf, fazilat, shon-shuhrat va oliyjanoblik jihatidan kifoya qiladi”, degan (“Ihyou ulumid din” asaridan).

Sahih hadisi shariflarda quyidagicha kelgan:

Muoviya roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih (yaʼni, dinning mohiyatini chuqur anglaydigan, bilimdon) qilib qoʻyadi”, dedilar” (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilm izlab yoʻlga tushsa, shu sababli Alloh unga jannat yoʻlini oson qilib qoʻyadi”, dedilar” (Muslim, Termiziy va Ibn Moja rivoyati).

Abu Umoma Bohiliydan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ikki kishi zikr qilindi: biri obid, boshqasi olim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Olimning obiddan afzalligi xuddi mening sizlarning eng kichigingizdan afzalligimga oʻxshaydi” deb, soʻng: “Alloh, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, hatto uyasidagi chumoli va baliq ham odamlarga yaxshilikni oʻrgatuvchiga salovat (istigʻfor) aytadi”, dedilar” (Termiziy rivoyat qilgan).

Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini eshitdim: “Kim ilm talab qilish yoʻliga yursa, Alloh unga jannat yoʻlini oson qilib qoʻyadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini qoʻyadi. Albatta, olimga osmondagi zotlar, yerdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istigʻfor aytadi.

Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga oʻxshaydi. Albatta, olimlar Paygʻambarlarning merosxoʻrlaridir. Albatta, Paygʻambarlar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Albatta, ular ilmni meros qoldirganlar. Kim oʻshani olsa, ulugʻ nasibani olibdi”, (Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja va Ahmad rivoyati).

Qurʼoni karimda ilm va uning vositalari bilan qasam. Alloh taolo Qalam surasining boshida “Nun. Qalam va yozadigan narsalar bilan qasam”, degan. Sura yozish va soʻzlashda ishlatiladigan bir harf bilan boshlangan. Soʻng Alloh ilm va maʼrifatni yozadigan qalam bilan qasamyod etgan. Bu bilan bandalariga yozishni oʻrgatgan neʼmatini eslatmoqda. Soʻng ortidan yozadigan narsalar bilan qasamyod etgan. Bu odamlar tomonidan yoziladigan ilmlarga ishoradir. Demak, bu oyatda ilm va uni yozish vositasi – qalam bilan qasam ichilmoqda. Bu esa qalamning sharafi, ilm va olimlarning maqomi ulugʻligidan dalolat beradi.

Ilm va hikmat Alloh taoloning sifatlaridandir. Qurʼoni karimning koʻp oʻrinlarida Alloh taoloning oʻta biluvchi va oʻta hikmatli Zot ekani haqida keladi. Bu shubhasiz, ilm va ulamolarning mavqei balandligidan dalolatdir.

Ilmning ajri inson vafot etgandan keyin ham davom etadi. Bu esa ilmning ulugʻ mavqei, jamiyatdagi oʻrni va odamlar orasidagi foydali taʼsiri sabablidir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Inson vafot etsa, uning uch narsadan boshqa amallari uziladi: joriy sadaqa, foydalaniladigan ilm yoki haqqiga duo qiladigan solih farzand”, dedilar” (Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyati).

Ilmni ziyoda qilib borish. Alloh taolo nabiysi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilmlari, fazilatlari, yuksak mavqelari va Alloh huzuridagi izzat-ikromlariga qaramay, “Rabbim, ilmimni ziyoda qilgin”, deng” (Toha surasi, 114-oyat mazmuni) deb, ilm soʻrashni buyurgan.

Buning barchasi islomda ilm va ulamolarning mavqei qanchalik ulugʻ ekanini koʻrsatadi. Ilm eng ulugʻ qadriyatlardan biri hisoblanadi. Ulamolar esa, shu ilmni olib boruvchi va jamiyatga yetkazuvchilardir. Ularni hurmat qilib, ilm oʻrganish va ergashish har bir insonning burchidir.

Toʻgʻri yoʻldagi ulamolarga ergashish – haq bilan botilni farqlash, dinni toʻgʻri tushunish va amal qilishning eng ishonchli yoʻlidir. Ular Qurʼon va sunnatga asoslangan xolis ilm va taqvo egalari boʻlib, adashishdan saqlaydi.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

QURBONLIK – ULUGʻ IBODAT

Moʻmin kishi uchun har bir amal – imtihon, har bir ibodat – Allohga yaqinlashish vositasi …