Home / VIDЕOLAR / “Xalqaro stipendiya dasturi ilmiy salohiyatni yuksaltirish va islom intellektual merosini asrash yoʻlida ulkan imkoniyatdir”

“Xalqaro stipendiya dasturi ilmiy salohiyatni yuksaltirish va islom intellektual merosini asrash yoʻlida ulkan imkoniyatdir”

DR. FARAH AYUNI MOHD HATTA – Markaz amaliyotchisi, Imom Buxoriy xalqaro stipendiya dasturi sovrindori, Malayziya islom sivilizatsiya instituti tadqiqotchisi

Barcha hamdu sano Olamlar Parvardigori Alloh taologa boʻlsin!

Imom Buxoriy stipendiyasi doirasida ilmiy safarimni muvaffaqiyatli yakunlash uchun kuch va imkoniyat bergani uchun Alloh taologa beadad shukr aytaman. Bu yerda oʻtgan ikki oy men uchun nafaqat ilmiy jihatdan, balki shaxsiy kamolot nuqtayi nazaridan ham nihoyatda mazmunli boʻldi.

Markaz va Buxorodagi faoliyatim davomida qoʻlyozmalarni saqlash va tiklash boʻyicha amaliy mashgʻulotlar va seminarlarda ishtirok etdim. Bu tajriba bebaho ilmiy merosimizni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish qanchalik muhim ekanini yanada teranroq anglashimga yordam berdi. Noyob qoʻlyozmalar va ilmiy manbalar ilinjida turli muassasalarda boʻlib, anʼanaviy tibbiyot sohasidagi muhim asarlardan biri boʻlgan “Kitobus Saydana” qoʻlyozmasini topdim. Asar oʻzbek va rus tillariga tarjima qilinayotganidan, undan koʻproq insonlar foydalanish imkoniga ega boʻlishidan mamnunlik tuydim.

Safarim davomidagi eng yorqin voqealardan biri – oʻsimlikshunoslik va tabobat sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar bilan uchrashuvlar boʻldi. Ular oʻz bilim va tajribasini ochiq va samimiy ulashdi. Shuningdek, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi institutida tashkil etilgan konferensiyada zaʼfaron boʻyicha olib borgan tadqiqotim natijalarini taqdim etdim. Bu men uchun juda katta ilmiy tajriba va ilhom manbai boʻldi.

Shuningdek, Imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilgan xalqaro anjumanlarda ishtirok etib, turli mamlakatlardan tashrif buyurgan ulamo va muftiylardan Imom Abu Mansur Moturidiyning merosi haqida koʻplab bilimlarga ega boʻldim. Navoiy shahridagi anjumanda esa, musulmon olimlarining ilm-fan rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi haqida taqdimot oʻtkazdim. Bu orqali boy intellektual tariximizga ehtiromimni ifoda etishga harakat qildim.

Ilmiy yutuqlardan tashqari, qalbimda eng chuqur iz qoldirgan jihat – bu odamlarning samimiy munosabati va mehmondoʻstligi boʻldi. Ikki oy davomida menga yordam koʻrsatgan barcha tadqiqotchilar, Markaz xodimlari, ustozlar va ishtirokchilarga chuqur minnatdorlik bildiraman. Shu tobda har biringizni alohida tilga olishning iloji yoʻq, albatta, ammo koʻrsatgan yordamingizni sira-sira unutmayman. Sizlarda koʻrganim yuksak insonparvarlik va samimiyat safarimni men uchun nafaqat sermazmun, balki unutilmas tajribaga aylantirdi.

Ayniqsa, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, professor Shovosil Ziyodov va uning fidoyi jamoasiga ushbu imkoniyat va koʻrsatilgan doimiy ragʻbat uchun chin qalbdan chuqur minnatdorlik bildiraman.

Oʻzbeklarning boy madaniyati, milliy taomlari, tili, odamlarning farovon hayoti va urf-odatlari bilan yaqindan tanishish menga katta zavq bagʻishladi. Ushbu tajriba orqali bu yurt va uning samimiy xalqiga mehr-muhabbatim va hurmatim yanada ortdi.

Ushbu imkoniyatni taqdim etgan Imom Buxoriy stipendiyasi tashkiliy qoʻmitasi va barcha homiylardan behad minnatdorman. Alloh taolo barchamizning saʼy-harakatlarimizni dargohida qabul aylab, ilmimizga baraka ato etsin va islomiy merosni asrashda davomli muvaffaqiyatlar nasib qilsin.

Fursatdan foydalanib, islomshunoslik, manbashunoslik yo shularga yaqin sohalarda tadqiqot olib borayotgan barcha izlanuvchilarni Imom Buxoriy stipendiyasi dasturiga ariza topshirishga chorlayman. Chunki bu yerda olgan ilm va hayotiy tajribamni hayotimdagi muhim burilish omillari deb hisoblayman. Mazkur dastur ilmiy salohiyatni kengaytirish va islom intellektual merosini asrash yoʻlidagi ulkan imkoniyatdir.

Tas-ix:

Check Also

TAMADDUN DARG‘ALARI: ABU ZAYD DABUSIY HAYOTI VA MEROSI

Tas-ix: