MASHINA HAYDOVCHINING 66 ta ODOBIni ULUGʻ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:
ULAMOI KIROMLAR AYTADILARki…:
Har bir harakatlarimizni Xudo koʻrib turganini doim esda tutishlik darkor!
Hatto ilm ham goʻzal insoniylik uchun kifoya qilmaydi. Chunki insonning goʻzalligi uning odob-axloqi bilan namoyon boʻladi.
Ulamolar faqat ilmning oʻzi olimga naf bermasligiga, balki uning odob bilan ziynatlanishi zarurligiga shaytonni misol qilib keltirganlar. Yaʼni shaytonda ham ilm boʻlgan, ammo unda goʻzal axloq boʻlmagan. Shuning uchun odob insonning qadr-qimmatini belgilovchi mezon hisoblanadi.
Dinimiz koʻrsatmalari inson hayotining hamma jihatini oʻz ichiga qamrab oladi va uning shaxsiy, oilaviy va ijtimoiy hayotidagi oʻrnini belgilab bergan.
Musulmon kishi oʻzgalar bilan muomala qilishda chiroyli xulqli boʻlishi – ayni dinimiz talabi!
Turli ulov va transport vositalari – Alloh taoloning bizga bergan neʼmatlari.
Har bir neʼmatning shukri – uni shariatga muvofiq, goʻzal holatda ishlatishdir. Shuning uchun inson ulovda yurganida qoʻlidan kelganicha oʻzi va oʻzgalarni xatarga qoʻymasligi, piyodalar, yoʻlovchilar va boshqa haydovchilar hayotiga xavf solmasligi kerak. Buning uchun esa yoʻl harakati qoidalariga, svetofor chiroqlari ishoralariga rioya qilishi lozim boʻladi.
Mashinaga minishni yaxshi niyat bilan boshlash, yoʻl davomida oʻzgalar bilan chiroyli muomala qilish – yuksak odob namunasidir.
Jumhur ulamolar yoʻl harakati qoidalariga amal qilish vojib ekanini taʼkidlashadi.
Chunki yoʻl harakati qoidalaridan hamma odamlarning foydasi koʻzlanadi va qoidalarga amal qilish – vojib sanaladi.
Mashina haydash, avtoulov boshqarish uchun belgilangan tartibda, oʻrnatilgan qoidalarga muvofiq tegishli tashkilot tomonidan berilgan rasmiy hujjat (haydovchilik guvohnomasi, maxsus ruxsatnoma) boʻlmasdan avtoulovni haydash yaxshilikka olib kelmaydi.
Haydovchilik guvohnomasi (maxsus ruxsatnoma) boʻlmasdan avtoulovni boshqarishning oqibati haydovchi insonning oʻzi uchun ham, oila aʼzolari uchun ham, boshqa odamlar uchun ham juda ayanchli, oʻta zararli va nihoyatda achinarli boʻlib, baʼzi holatlarda esa bu dunyodan tezroq ketishiga ham sabab boʻladi.
Oʻzini tanigan, aql-zakovatli, uzoqni koʻzlagan, oʻzi, oila aʼzolari, yaqinlari va atrofdagilariga zarar yetkazishni xohlamagan insonlar oʻzlarini ehtiyot qilib, avtoulovni haydovchilik guvohnomasi (maxsus ruxsatnoma)siz boshqarishdan jiddiy va qattiq saqlanadilar.
Sharʼiy qoidalarimizga koʻra haydovchi oʻzgalarning joni, moliga yetkazgan zarari uchun javobgar boʻladi.
Haydovchiga bogʻliq boʻlmagan, uning aybi yoʻq holatlar – bundan mustasno.
Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagi narsalarni “yoʻlning haqqi” deganlar: “koʻzni tiyish, aziyat bermaslik, salomga alik olish, yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish” (Muttafaqun alayh).
Hadisi sharifdagi “aziyat” soʻzi koʻp narsalarni oʻz ichiga oladi. Eng yomonlaridan biri – oʻzgalarga til bilan ozor yetkazishdir. Ayniqsa haqorat, soʻkish – musulmonlik odoblariga mutlaqo ziddir!
Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu xususda shunday deganlar: “Musulmon kishini soʻkish – fosiqlikdir. U bilan urishish – kofirlikdir” (Muttafaqun alayh).
Ochiq oydin gunoh qiladigan odamni “fosiq” deyiladi. Bir musulmonni joniga qasd qilish katta gunohligini bilib turib, uni qonini halol sanash – kufrdir.
Asl qoida – transport vositasi haydovchisi harakat davomida mashinasi bilan sodir qiladigan har bir hodisaga masʼuldir. Chunki mashina uning qoʻlidagi vosita va haydovchi uni boshqarishga qodir. Mashina oʻzicha harakatlanmaydi. Shuning uchun haydovchi mashinaning oldi, orqasi va yon tomonlari bilan yetkazgan zararga zomin, javobgar boʻladi.
Haydovchi yoʻl harakati qoidalarini buzish bilan haddan oshib oʻzgaga zarar yetkazsa, javobgar boʻlishida shubha yoʻq. Chunki haddan oshuvchi doimo javobgar hisoblanadi.
Moʻmin-musulmonlar yoʻl harakati qoidalariga va yoʻl odoblariga kuzatuv kameralari yoki yoʻl patrul xizmati inspektori qarab turgani uchungina emas, balki shariatimiz talabi ekanligini inobatga olish lozim.
Bugungi kunda yoʻldagi tartibsizliklar, dilxiraliklar va oʻlim holatlari boʻyicha “birinchilik”ni musulmon yurtlari qoʻldan bermay kelmoqdalar. Aslida esa yoʻl madaniyati borasida musulmonlar emas, balki boshqalarning peshqadam boʻlishi biz uchun or hisoblanmogʻi darkor.
Aslo shoshilib yurmang! Halokat uchun 100-martta emas, 1-martta xatoga yoʻl qoʻyish kifoya qiladi.
Besh (5) narsada shoshilish tavsiya etiladi:
1) Mehmonga ovqat tortishda.
2) Qarzni uzishda.
3) Mayyitni koʻmishga hozirlashda.
4) Qizni turmushga chiqarishda.
5) Gunohdan tavba qilishda.
Ayollar, yoshlari kattalar, yosh bolalar va nogironlar yoʻldan oʻtayotganda imkon qadar ularga yoʻl berish va ularni choʻchitmaslikka bor kuch bilan harakat qilish kerak! Zero hadisi shariflarda “Kim musulmonni qoʻrqitsa, Qiyomatda Alloh uni qoʻrqitadi” deyiladi.
Yoʻlda bilib-bilmay sizga ozor yetkazgan insonga javob qaytarishga harakat qilmang!
Islom odobi yomonlik qilganga yomonlik qaytarishga buyurmaydi!
Balki yaxshilik qilishga buyuradi!
Agar oʻz hayotingiz qadriga yetmasangiz, siz bilan boʻlgan hamrohlaringiz hayotini, mashinangiz atrofidagilarni hayotlarini oʻylang! Vaholanki, oʻz hayotingiz qadriga yetmaslikka ham haqqingiz yoʻq!
Koʻchadan oʻtish yoki unda toʻxtab turish haqqi – umumiy. Undan piyoda ham, avtomashinada ham foydalanish mumkin. Bunda salomatlik, yaʼni oʻziga ham, oʻzgaga ham zarar bermaslik shart qilinadi.
Piyodalar ham yoʻl qoidalariga amal qilishlari lozim.
Qizil chiroqda oʻtish – boshqa bir yoʻl harakati ishtirokchisi haqqini poymol qilish hisoblanadi.
Yoʻlning qatnov qismida, shuningdek piyodalar oʻtish joylarida harakatlanayotgan piyodalarning telefondan foydalanish, tele-video mahsulotlarni koʻrish-eshitish, radio, audio mahsulotlarni eshitish, kitob yoki davriy matbuot oʻqish hamda eʼtiborni chalgʻitadigan boshqa elektron vositalardan foydalanishlari mutlaqo man etiladi.
Muborak dinimizning yoʻl harakatidagi ENG ASOSIY 4 (toʻrt) ta talabi:
1) Har bir yoʻl harakati ishtirokchisi yoʻl harakat qoidalariga qatʼiy rioya etish;
2) Yoʻlda yurish odoblarini soʻzsiz bajarish;
3) Bir-birlariga nisbatan hurmat va bagʻrikenglik bilan muomala qilish;
4) Oʻzi yaxshi koʻrganni oʻzgalarga ham ravo koʻrish.
Shariat man etgan narsalarni isteʼmol qilib avtomobilni boshqarishda bandasidan emas, gunohi ikki karra boʻlishidan avvalo Xudodan qoʻrqish kerak!
Imkon qadar farzandlariga ham mashina haydashni oʻrgatmoqlik lozim.
Birovning shaxsiy mashinasiga mingan odam xuddi uning uyiga kirgan kabidir. Oʻzini shunga xos va mos tutishi lozim.
Kim musulmon?!?
Musulmon kishi kim oʻzi aslida?!?
Buning javobini Janobi sevikli Paygʻambarimiz Allohning Habibi Muhammad mustafo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga oʻrgatib, muborak taʼlim-tarbiyalarini berdilar: “Tilidan va qoʻlidan musulmonlarga zarari yetmaydigan kishi – haqiqiy musulmondir” (Imom Buxoriy rivoyatlari);
Oʻzining mashinasidan afzalroq mashinani koʻrsa, oʻzidan pastroqqa qarasin!
Oʻzining mashinasidan afzalroq mashinaga hasad emas, havas bilan, oʻzidan pastroqqa esa mehr bilan qarash darkor, Yaratganga shukr va istigʻforni koʻpaytirish lozim.
(3 – qism tugadi. Davomi bor…)