Home / FOTO LAVHALAR / Islom va sogʻlom turmush tarzi: Ilmiy-amaliy yondashuv

Islom va sogʻlom turmush tarzi: Ilmiy-amaliy yondashuv

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Islom – salomatlik targʻibotchisi” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Ryespublikasi Prezidentining 2025-yil 14 fevralda yoshlar bilan ochiq muloqoti doirasida berilgan topshiriqlar, shuningdek, 2025-yil 21 apreldagi “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2025-yil 14 martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi Qarori byelgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan anjumanda soha mutaxassislari bilan birga Markaz ilmiy xodimi Jonibek Jumayev ham qatnashib, “Islomda sogʻlom turmush tarzi targʻiboti” mavzusida maʼruza qildi.

Tadqiqotchi islom taʼlimotida insonning jismoniy kamolotiga eʼtibor haqida soʻzladi. Oyat va hadislar orqali jismoniy tarbiya, sport va sogʻlom turmush tarzi muqaddas dinimizda muhim oʻrin tutishini asoslab berdi.

Taʼkidlanganidek, sogʻlom turmush tarzi nafaqat shaxsiy salomatlik, balki jamiyat barqarorligi va yurt mudofaasi uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam yugurish, kurash, kamon otish va suzish kabi mashgʻulotlarda ishtirok etganlari, sahobalarga buni targʻib etganlari haqida sahih rivoyatlar mavjud.

– Islom saʼy-harakat dinidir. Har qanday ibodat – namoz, roʻza, haj yo umra boʻlsin – harakat va jismoniy faollikni talab qiladi. Shunga asoslanib aytish mumkinki, dinimiz arkonlari jismonan baquvvat, ruhan tetik va maʼnan yetuk insonlarni tarbiyalashga xizmat qiladi, – dedi J.Jumayev.

Maʼruzachi, shuningdek, yosh avlodni sportga kengroq jalb qilish, yigit-qizlarimizning jismoniy va maʼnaviy kamolotini taʼminlash, ularni islom qadriyatlari bilan uygʻun ravishda tarbiyalashga doir gʻoyalarni ilgari surdi.

Konferensiya davomida islom dinining sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishdagi oʻrni, insonning jismoniy va maʼnaviy ravnaqiga qaratilgan asoslari keng yoritildi. Mutaxassislar bildirgan fikr-mulohazalar, ilmiy tahlillar va amaliy takliflar yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini keng koʻlamda qaror toptirish, ularni jismoniy faollikka odatlantirish, shu tariqa barkamol avlodni shakllantirish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ishtirokchilar sogʻlom turmush tarzi, jismoniy faollik va diniy-axloqiy tarbiyani uygʻunlashtirish orqali maʼnaviy yetuk, Vatanga sadoqatli va jismonan baquvvat avlodni tarbiyalashda diniy-maʼrifiy tashkilotlar, taʼlim muassasalari va jamoatchilik uzviy hamkorlikda ish olib borishi zarurligini alohida taʼkidladi.

Albatta, bu kabi ilmiy-amaliy anjumanlar jamiyatda sogʻlom turmush madaniyati koʻnikmalarini rivojlantirish, yoshlarni maʼnan barkamol va jismonan baquvvat qilib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Islom taʼlimotiga tayanadigan bugungi ishonchli ilmiy yondashuvlar nafaqat shaxsiy kamolot, balki barqaror va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishga xizmat qiladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ulugʻ allomalar merosi — maʼnaviy qudratimiz asosi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida buyuk allomalarimiz hayoti va ilmiy …