Alloh taologa bandani yaqinlashtiruvchi, Uning roziligini topish yoʻlidagi moliyaviy ibodatlardan biri qurbonlikdir. Kimga qurbonlik vojib boʻlsa, u zimmasidagi ishni qilishi zarur. Ammo moli nisobga yetmasa ham qurbonlik qilishga qurbi yetsa va u sababli boʻynida vojib boʻlgan boshqa haqlar ketib qolmasa, bunday kishilarga ham qurbonlik qilish yaxshidir. Chunki qurbonlikda shunday fazilatlar borki, uni tark qilgan odam juda koʻp foydalardan mahrum boʻladi. Kimning sharoiti boʻlmasa, u odam uzrli hisoblanadi.
Qurbonlik qilishda kishining oʻzi va oila aʼzolariga bayram kunida kengchilik yaratish, nochor musulmonlar orasiga rahm-shafqat va muhabbat urugʻlarini ekish, qalblarga surur va shodlik olib kirish kabi ezgu ishlar mujassamdir. Qurbonlik qilish Alloh taoloning bergan neʼmatlariga shukrona, nafsni illatlardan poklash hamda bandaning Yaratuvchi amriga itoati va taqvosining koʻrinishidir. Shu sababli Qurʼoni karimda: “Allohga (qurbonlik) goʻshtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin U zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulugʻlashlaringiz uchun – ularni sizlarga boʻysundirib qoʻydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (Haj surasi, 37-oyat), degan koʻrsatma bordir.
Alloh taolo Qurʼoni karimda musulmonlarga: “Siz parvardigoringizga namoz oʻqing va qurbonlik qiling”, deb amr qilgan (Kavsar surasi, 2-oyat). Maqsad bandaning Alloh amriga itoati va taqvosini namoyon etishdir.
Husayn ibn Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki qurbonlikni xursand boʻlib va savob umidida qilsa, qilgan qurbonligi u uchun doʻzaxdan (himoyalovchi) parda boʻladi”, dedilar” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Biz Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Qurbonlikning haqiqati nima?” deb soʻradik. U zot: “Sizlarning otangiz Ibrohim alayhissalomning sunnatidir”, dedilar. Biz: “Undan bizga nima foyda bor?” dedik. U zot: “Har bir tuk evaziga bitta yaxshilik”, dedilar. Biz: “Ey Rasululloh, yungi-chi?” dedik. U zot: “Yunglardan har biriga bitta yaxshilik”, dedilar”. Qurbonlik Alloh taologa yaqinlik hosil qilish uchungina qilinadi.
Alloh taolo bandaning qurbonligiga muhtoj emas, aksincha bandaning oʻzi qurbonlik sababidan beriladigan ajrga muhtoj.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qurbonlik kuni Odam bolasi qurbonlik qilishidan koʻra Allohga mahbubroq biror bir amal qilgan emas. Qurbonlikka soʻyilgan jonivor qiyomat kuni oʻz shoxi, tuyogʻi va yunglari bilan keladi. Qurbonlik qoni yerga tushishidan avval Alloh taoloning huzurida xos maqomga ega boʻladi. Shuning uchun mamnuniyat ila qurbonlik qilinglar”, dedilar” (Ibn Moja va Imom Termiziy rivoyati).
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima roziyallohu anhoga: “Qurbonligingni oldida turib guvoh boʻlgin. Chunki qurbonlik qonining birinchi qatrasi bilan oʻtgan gunohlaring magʻfirat qilinadi”, dedilar. Shunda Fotima roziyallohu anho: “Ey Rasululloh! Bu faqat bizning oilamiz uchunmi yoki biz va barcha musulmonlar uchunmi?” dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Biz va barcha musulmonlar uchun”, dedilar”.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Zulhijjaning oʻninchi kuni qurbonlik qilish kunidir. Bu kunda har kim qurbonlik qilsa, Alloh taolo qurbonlik qonining har qatrasi barobariga uning va ahli oilasining gunohlarini magʻfirat etadi. Qurbonlikning goʻshtidan taom tayyorlab musulmonlarga bersa yoki goʻshtini sadaqa qilsa, uning savob tarozisini Uhud togʻidan ham ogʻirroq qiladi”, deganlar”.
Biz koʻproq savobli amallarni axtarib topib, unga amal qilishimiz kerak. Chunki gunohlar atrofimizda sochilib yotibdi. Har qadamda gunoh, shu sababli gunohlardan savoblarimizni saqlay bilaylik.
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyilgan: “Yosh, navqiron, baquvvat jonivorlarni qurbonlik qilinglar. Chunki ular (qiyomat kuni) sirot koʻprigi ustidagi ulovlaringizdir”. Boshqa bir hadisda: “Qurbonlikni katta qilinglar, chunki Sirot koʻprigidan oʻtayotganingizda u sizlarga ulovlik vazifasini bajaradi”, deyilgan.
Ali roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qiladi: “Kimki qurbonlik qilish uchun bozorga borsa, Alloh taolo uning har bir qadamiga oʻnta savob beradi va gunohlarini kechiradi. Qurbonlikni savdo qilayotgan vaqtida, uning har bir aytgan soʻzini tasbeh oʻrnida qabul qiladi. Qurbonlik uchun bergan har bir dirhamiga yetti yuz dirham savobini beradi. Qurbonlikning har qatra qonidan oʻnta farishtani yaratadi va ular qiyomatgacha shu banda uchun istigʻfor aytadi. Qurbonlik goʻshtining har luqmasi uchun Ismoil alayhissalom farzandlaridan bir qulni ozod qilgandek savob beradi”.
Qurbonlikning koʻplab fazilatlari bor. Insonlar oʻrtasida mehr va muhabbatni paydo qiladi, adovatni ketkazadi, gunohlar toʻkilishiga sabab boʻladi. Kambagʻal kishi uchun ham qurbonlik qilish munosib va mustahab boʻlgan amallardan hisoblanadi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, qurbonlikning hikmati va fazilatlari quyidagilarda oʻz aksini topadi:
- Qurbonlik qilish bilan Allohning rahmatiga yaqin boʻlish maqsad qilinadi.
- Qurbonlik Allohning shiorlari va diniy marosimlarni ulugʻlash, hurmatlash demakdir. Qurbonlik qilish qalblardagi taqvo alomati.
- Bayram kuni qurbonlik soʻyish xursandchilik ustiga yana bir xursandchilikdir. Bu insonning oʻzi va ahli oilasiga kengchilik boʻlishi uchun vasiladir. Qoʻshnilar, qarindoshlar, doʻstlar, faqirlar va miskinlarning koʻngillariga shodlik olib kirish uchun eng yaxshi fursatdir.
- Taqvoga erishish. Alloh taologa qurbonlikning goʻshtlari ham, qonlari ham yetib bormaydi. Lekin taqvodor bandalarning taqvosi va ixlosi yetib boradi.
- Qurbonlik Alloh taologa hisobsiz neʼmatlari uchun shukur qilishning bir koʻrinishidir. Darhaqiqat, Alloh taolo insonga sanab boʻlmaydigan darajada koʻp neʼmatlar ato etdi. Jumladan, sogʻlik, boylik, ong va imon. Qurbonlik shu neʼmatlarning ojizona bir shukronasi oʻlaroq banda tomonidan amalga oshiriladigan ishdir. Alloh taoloning roziligi uchun qurbonlik qilish islom taʼlimotidagi buyuk amallardan sanaladi.
Alloh taolo barchamizni Oʻz hifzu himoyasida asrasin. Qalbimizdagi taqvo va ixlosni hamda imonimiz nurini ziyoda qilsin!