Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Qozogʻiston Respublikasining Turkiston shahrida joylashgan “Azret Sultan” (“Hazrati Sulton”) milliy tarixiy-madaniy muzey-qoʻriqxonasida “Oʻzbekiston – bagʻrikeng diyor: Madaniy meros va dinlararo muloqot” mavzusida taqdimot tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda qozogʻistonlik nufuzli olimlar, dinshunoslar, madaniy meros boʻyicha mutaxassislar, tarixchilar, jamoatchilik vakillari va muzey-qoʻriqxona masʼullari ishtirok etdi.
Markaz ilmiy xodimi Mexrojiddin Amonov Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan, fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash, diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash va islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini ochib berish borasidagi saʼy-harakatlar haqida atroflicha maʼlumot berdi. Bu islohotlar jarayonida diniy sohadagi davlat siyosati yangi bosqichga koʻtarilganini, fuqarolarning diniy arkonlarni erkin amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoit yaratilayotganini alohida taʼkidladi. Shuningdek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining faoliyati, uning ilmiy-maʼrifiy yoʻnalishdagi yutuqlari, xalqaro hamkorlik aloqalari va islom ilmlari rivojiga qoʻshayotgan hissasiga batafsil toʻxtaldi.
Tadbir ishtirokchilari bayon etilgan fikr va maʼlumotlarni mamnuniyat bilan qabul qilib, Oʻzbekistonda vijdon erkinligini taʼminlash, jamiyatda diniy bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni yuqori baholadi. Ayniqsa, bu borada qabul qilingan Konsepsiya oʻzining muhim huquqiy qiymati va amaliy ahamiyati bilan alohida eʼtiborga sazovor ekani taʼkidlandi.
Ushbu ilmiy-maʼrifiy muloqotning muhim jihati shuki, unda nafaqat ikki mamlakat oʻrtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlikni mustahkamlashga, balki xalqaro jamoatchilik oldida diniy bagʻrikenglik masalasida mulohazali yondashuv va ilm asosida ish tutish zaruratiga urgʻu berildi. Tadbir Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi doʻstona ilm-maʼrifat sohasidagi munosabatlarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiluvchi yana bir qadam sifatida qayd etildi.