Home / FOTO LAVHALAR / Haqiqat va ehtimol: yangi ilmiy yondashuvlar

Haqiqat va ehtimol: yangi ilmiy yondashuvlar

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida «Aqidada ohod hadislarning hujjat sifatidagi ahamiyati» mavzusida ilmiy seminar boʻlib oʻtdi. Unda nufuzli turk olimi, Istanbul universiteti professori, doktor Hamza Bakriy Markaz va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi ishtirokchilari, Hadis ilmi maktabi talabalari va islom ilmlari tadqiqotchilariga maʼruza qildi.

Anjumanda asosiy eʼtibor aqida va mantiqda muhim oʻrin tutadigan “xabarul ohod” – yaʼni, yakka shaxs yoki ozchilik tomonidan yetkazilgan xabarning ahamiyati va uning aqidaviy masalalardagi oʻrnini tahlil qilishga qaratildi. Professor Bakriy seminar davomida mazkur mavzudagi ilmiy bahslarni teran tahlil qilib, tarixiy va nazariy jihatlarini yoritib berdi.

– Ohod xabarning amaliy masalalarda hujjat ekani xususida ulamolar orasida ittifoq bor. Biroq uning eʼtiqodiy masalalarda qoʻllanishi hanuz bahsli masala boʻlib qolmoqda, – dedi olim.

Bu boradagi ilmiy munozaralarning murakkabligi “hujjat” va “eʼtiqod” tushunchalarining alohida-alohida oʻrinlarda turlicha taʼriflanishi va ohod xabarning darajasini belgilashda “qatʼiy” yoki “zonniy” (ehtimol yo taxminga asoslangan) degan qarashlar oʻrtasidagi farqlar bilan bogʻliq ekani qayd etildi.

Professor Bakriy taʼkidlagan muhim jihatlardan biri – aqidadagi ilmiy usulning ehtiyotkorlik, sinchkovlik va izchillikka asoslanishi lozimligi. Maʼruzachi ohod xabarni rad etishda aqidadagi barcha maʼlumotlarni inkor etishgacha yetib bormasdan, har bir maʼlumotni ilmiy vazni va daliliga qarab baholash kerakligini taʼkidladi.

Professorning fikriga koʻra, aqidada ohod xabardan qaysidir muayyan holatlarda, yaʼni “zonniy” ishonch darajasida foydalanish mumkin. Bu esa moʻmindan birgina imon emas, balki ilm va tahqiq asosidagi eʼtiqodni talab qiladi.

Tadbirda ishtirok etgan ilm ahli va talaba yoshlar mavzu boʻyicha yangi qarash va ilmiy yondashuvlar bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻldi. Islom falsafasi va kalom ilmi (aqida) sohasida katta tajribaga ega olimning tahlil va xulosalari gʻoyat manfaatli boʻlgani taʼkidlandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Imom Moturidiyning shonli ilm tug‘i hamisha barhayotdir

Imom Moturidiy haqida so‘z ochilganda, dastlab yodga keladigan martabalar Imomul huda (hidoyatga boshlovchi imom) va …