Home / FOTO LAVHALAR / Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga 33 yil toʻlishi munosabati bilan “Mangu va magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!” nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. 

Unda soʻzga chiqqanlar koʻp millatli xalqimizning faxri, gʻururi boʻlib vazirlik va idoralar, turli muassasalar, oʻquv yurtlari, xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz binolari peshtoqida hilpirab, turli bayram tantanalari, yurtimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-maʼrifiy va sport tadbirlarida Vatanimiz shaʼni va elimiz iftixorini ifodalab turgan bayrogʻimizning jahon hamjamiyatida Oʻzbekistonning nufuz va maqomini koʻrsatishda davlat ramzi sifatidagi muhim oʻrnini eʼtirof etdi.

Davlat bayrogʻi qabul qilingan sanani nishonlash, targʻib qilish va shu munosabat bilan tadbirlar tashkil etish ham bayroqqa hurmat, ham vatanparvarlik belgisidir.

Milliy ramzlar, xususan, bayroq hamisha or-nomus, shon-sharaf timsoli sanalgan. Yurt bayrogʻini yov qoʻliga topshirishni istamay, uni qoʻlida mahkam tutgancha jon bergan Shayx Najmiddin Kubro yoki tugʻini jonidan ortiq asragan Toʻmaris, Spitamen, Muqanna, Temur Malik, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi oʻnlab sarkardalar jasorati bugun avlodlar uchun katta ibratdir.

Amir Temur davlat ramzlariga siyosiy ahamiyat ham bergan. Sohibqiron jang maydonida bir askar omon qolsa ham, u saltanat bayrogʻini baland tutsin, deb farmon bergan. Bayroqning egilishi magʻlubiyat belgisi deb qabul qilingan. Shuning uchun ham jangu jadallarda davlat ramzlarini eng ishonchli bahodirlar, pahlavonlar koʻtargan, qoʻriqlagan.

Tadbir ishtirokchilari xalqimizning oʻtmishi, buguni va kelajagini oʻzida mujassam etgan, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimizga, yorugʻ istiqbolimizga ishonchimiz timsoli – bayrogʻimizni asrab-avaylash, ardoqlash va yuksaklarda magʻrur hilpirab turgan yalovimiz bilan gʻururlanish barchaning fuqarolik burchi ekanini taʼkidladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

IMOM MOTURIDIY ULAMOLAR EʼTIROFIDA

Oʻz ilmi va maʼnaviy dunyosi bilan Islom dini ravnaqiga beqiyos xissa qoʻshga buyuk zotlar borki, …