Home / MAQOLALAR / PAYGʻAMBAR SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM OYOQLARINI KOʻTARAYOTGAN JOYGA (IZLARIGA) BUXORIY OYOQLARINI QOʻYARDILAR…

PAYGʻAMBAR SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM OYOQLARINI KOʻTARAYOTGAN JOYGA (IZLARIGA) BUXORIY OYOQLARINI QOʻYARDILAR…

Muhammad ibn Abu Hotim aytganlar: “Najm ibn Fuzaylning: “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni tushimda koʻrdim. U zot goʻyo yurib ketayotgandilar. Muhammad ibn Ismoil u kishining ortlaridan borayotgan edilar. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam oyoqlarini koʻtarayotgan joyga (izlariga) Buxoriy oyoqlarini qoʻyardilar”, – deganlarini eshitdim”. 

   Muhammad ibn Abu Hotim aytganlar: “Imom Buxoriyning: “Yoshi ulugʻ bir kishi Doxiliyning darslarida biz bilan yurardi. Menga aytilgan sahih hadislarni va u haqda aytilgan soʻzlarni u kishiga borib aytardim. U kishi bir kuni menga: “Ey Abu Abdulloh, Abu Joddagi raisimizning aytishlaricha, siz xotirani mustahkam qilish uchun “balozur” degan dorini ichar ekansiz”, – dedilar. Bir kuni oʻsha shayx bilan yolgʻiz qolganimda: “Xotirani kuchaytiradigan oʻsha dori bormikan oʻzi?” – deb soʻradim. U kishi menga yuzlanib: “Bilmayman. Men yodlash uchun kishiga ilmga chanqoqlik va bardavom takrordan koʻra foydaliroq narsani bilmayman”, – dedilar”, – deganlarini eshitdim”.

   Buxoriy aytganlar: “Naysoburda muqim boʻlgan paytimda Buxorodan yaqinlarimdan salom maktublari kelib turar edi. Men ham ularga salom yoʻllab xat yozardim. Salom yuborishda ayrim qarindoshlarimning ismlarini unutib qoʻygan boʻlsam-da, hadis ilmining zarrachasi ham xotiramdan ketgani yoʻq edi. Hadis yozishim ularga maktub yozishim kabi emasdi. Hadisni bir kishidan yozsam, tushunadigan kishidan uning ismini, kunyasini, nasabini, hadis olish vaziyatini soʻrardim. Mabodo soʻrayotgan kishim tushunmaydigan odam boʻlsa (yaʼni tushunchasida zaiflik boʻlsa), albatta, hadisning aslini va nusxasini soʻrab-surishtirib keyin yozardim. Ammo boshqalar nima yozganlariga va qanday yozganlariga u qadar eʼtibor qilishmasdi”. 

   Abbos Duvriy aytganlar: «Muhammad ibn Ismoil kabi chiroyli hadis talab qilgan kishini koʻrmadim. Hadisning aslimi yoki qoʻshimchasimi – hammasini ikir-chikirigacha  ilgʻab olardilar. Bir kuni bizga: “Mening soʻzlarimdan birortasini tashlamanglar, hammasini yozinglar”, – dedilar.

Manba: “Mashhur daholar siyrati” (Siyaru aʼlamin nubalo) kitobidan

Check Also

Soʻzning tuzi nimada?

Til insonga ato etilgan suv va havodek bebaho neʼmat. Misol uchun, qarshingizdagi odamga “men hozir …