Jonajon vatanimiz tinchligi, osoyishtaligi va farzandlarimizning oʻsib-ulgʻayib, komil inson boʻlib voyaga yetishishlarida, shubhasiz, yurtimiz sarhadlarini himoya qilayotgan va tinchlik-osoyishtalikni taʼminlayotgan Vatan himoyachilarining oʻrni beqiyosdir.
Azaldan yurtimizda vatan himoyasi muqaddas burch sanalgan. Yurt posbonlarining tashvish va bedorliklari xalq orasida doim ulugʻlangan. Bu milliy va diniy qadriyatlarimizda ham oʻz ifodasini topgan.
Shu kunlarda respublikamiz boʻylab Qurolli Kuchlarimizning tashkil qilinganligining 30 yilligi keng nishonlanmoqda.
Shu munosabat bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Vatan himoyasi – muqaddas burch” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.
Tadbirda markaz ilmiy xodimlari, tadqiqotchilar, Hadis ilmi maktabi oʻqituvchilari ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqanlar vatanparvarlik, yurtga fidoyilik fazilatlarini shakllantirishda buyuk ajdodlarimizning matonati hayotiy ibrat ekanini eʼtirof etishib, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi jahonni mangu hayratga solgan ajdodlarimizning hayoti va tarixiy qahramonliklari haqida toʻxtalib oʻtishdi.
Tadbirda mamlakatimizning mudofaa salohiyatini yuksaltirish borasida Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, maʼnaviy-maʼrifiy masalalarga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va uning ahamiyati haqida ham atroflicha maʼlumot berildi.
Tadbir koʻtarinki ruh va yuqori kayfiyatda oʻtdi.