Home / MAQOLALAR / SABR VA TAQVO – IKKI DUNYO SAODATI

SABR VA TAQVO – IKKI DUNYO SAODATI

Alloh taolo barcha mahluqotlar orasida insonni eng aziz va mukarram qilib yaratdi. Insonlar orasidan imonli, taqvoli, sabrli va solih bandalarini hidoyat sari yoʻlladi.

Ey imon keltirganlar, sabr qilinglar, sabrda ustun boʻlinglar va doimo kurashga shay boʻlib turinglar, Allohdan qoʻrqinglar, shundagina najot topasizlar (Oli Imron surasi, 200oyat).

Alloh taolo Qurʼoni karimning juda koʻp oyatlari orqali bandalarini sabrga chorlaydi. Xususan, “Baqara” surasining 153-oyatida bunday deydi: “Ey imon keltirganlar, sabr va namoz bilan (Mendan) yordam soʻrangiz! Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”.

Sabr insonni komillikka eltuvchi eng yaxshi xislatlardandir. Paygʻambarimiz alayhissalom “Bosh tana uchun qanchalik kerak boʻlsa, sabr ham imon uchun shunchalik keraklidir”, deganlar (Daylamiy rivoyati). Yana bir hadisda “Sabr yorugʻlikdir”, deyilgan.

Darhaqiqat, sabr Allohning bandalariga buyuk inoyatidir. Hech bir inson hayotini faqat shodu xurramlik bilan oʻtkazmaydi. Umr yoʻli past-balandliklardan, toʻgʻrilik va egriliklardan iborat boʻladi. Inson toʻqlikka ham, ochlikka ham, gʻalaba va magʻlubiyatga ham, gʻam-tashvishga ham – barchasiga duch keladi. Bular sinov boʻlib, ulardan aslo ranjimaslik kerak.

Odamzot bu kabi sinovlarga sabr qilishi, boshidan kechiradigan quvonchu tashvishlariga doimo tayyor turishi kerak. Albatta, biz moʻmin-musulmon boʻlib turib, sabrli boʻlmasak, komil imon egasi boʻla olmaymiz.

Barcha yaxshiliklarga sabr bilan erishiladi. Shuning uchun arablar sabrni “shodlik kaliti” deb ataydi.

Sabr shunday kuchli fazilatki, gʻazabni shijoatga, shiddatni hilmga, kattalikni tavozega, yomonlikni yaxshilikka aylantiradi. Baʼzan sabr insonga juda ogʻir va imkonsizdek tuyuladi. Lekin, shubha yoʻqki, Yaratgandan astoydil yordam soʻrasa, Alloh taolo har qanday ishni osonlashtirib qoʻyadi.

Inson har qanday qiyinchilikka bardosh berib, sabr qilsa, qalbida ziyo paydo boʻlib, zulmatdan nurga chiqadi. Sabrli inson doimo yaxshilikka intiladi. Sabrsiz inson toqatsizligi tufayli oʻzini har tomonga uradi va oqibatda boshi berk koʻchaga kirib qoladi. Keyin oʻz-oʻzidan muammolar paydo boʻlaveradi. Turli xastaliklar, koʻngilsiz oqibatlar kelib chiqadi.

Sabr deganda alamlarga, tuhmatu boʻxtonlarga bardosh qilish tushuniladi. U nafsni qaygʻudan, tilni shikoyatdan, aʼzolarni tashvishdan saqlash uchun himoya vazifasini bajaradi. Inson iztirobda qolib, sabr qilsa, albatta, muvaffaqiyatga erishadi.

Taqvo haqida, “Hujurot” surasining 13-oyatida bunday deyiladi: Alloh nazdida, albatta, (eng aziz) mukarramrogʻingiz taqvodorlaringizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir.

Bu xususda Abdulloh Shibraviy “Oqillarning ziynati taqvo libosidir”, deydi.

Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilingan hadisda: Alloh suratingizga va mol dunyoingizga qaramaydi, balki qalbingiz va amallaringizga qaraydi, deyiladi (Muslim rivoyati).

Inson sabr va taqvo libosini kiyib, qalbida yaxshilik va mehribonlik tuygʻulari bilan yashasa, yetuk fozillar safidan joy oladi. Aksincha, bagʻritosh, qahri qattiq, zoʻravon, fosiq, buzgʻunchi, man-man, xudbin feʼlli boʻlsa, elning nazaridan qoladi.

Alloh taolo barchamizni sabr va taqvoli moʻmin-musulmonlardan qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin.

Elmiddin SAʼDULLAYEV,
Shahrisabz tumani Avazmalik masjidi imom xatibi

Check Also

BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR SILSILASI

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri sifatida eʼtirof etilgan. Koʻplab manbalarda ayni oʻsha …