Home / YANGILIKLAR / Abu Hafs Kabir Buxoriyning 1255 yilligini xalqaro miqyosda nishonlaylik

Abu Hafs Kabir Buxoriyning 1255 yilligini xalqaro miqyosda nishonlaylik

Mustaqillik yillarida shoʻro davrida bir muddat unutgan koʻplab ulugʻ ajdodlarimizni yaqindan tanidik. Mamlakatimizda Imom Buxoriy, Hakim Termiziy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband va boshqalarning tavallud toʻylari xalqaro miqyosda nishonlandi.

Ammo hali hayoti va ijodi oʻrganilmagan, xalqqa toʻla yetkazilmagan buyuk allomalarimiz ‒ yana qancha!

Shulardan biri ‒ Abu Hafs Kabir Buxoriy.

Uning muborak nomini muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yilning 2 sentyabrida Toshkent shahrida Islom taraqqiyot banki boshqaruvchilar kengashining toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazilgan, 57 mamlakatdan vazirlar va rasmiy shaxslar, shuningdek, mamlakatimiz vazirlik va idoralari mutasaddilari, ishbilarmon doira vakillari qatnashgan 46-yillik yigʻilishidagi nutqida faxr bilan tilga oldi.

“Asrlar davomida Oʻzbekiston zamini musulmon olamining buyuk va noyob madaniyati, ilm-fani va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining markazlaridan biri boʻlganidan sizlar, albatta, xabardorsiz. Qadimiy Oʻzbekiston, yaʼni Movarounnahr diyori islom dunyosining yuksak madaniyati va sivilizatsiyasi rivojiga unutilmas hissa qoʻshgan alloma va mutafakkirlar yurtidir. Buxorolik buyuk ulamo ‒ Imom Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy va uning butun dunyoga tanilgan shogirdlari Imom al-Buxoriy va Imom Termiziy asarlarining islom falsafasi ilmiy-nazariy asoslarini yaratishdagi ahamiyati beqiyosdir”, ‒ dedi davlatimiz rahbari.

Bu esa jamoatchilik diqqatini hazrati imomimiz ‒ Imom Abu Hafs Kabir Buxoriy hayoti va faoliyatiga qaratdi. Koʻp oʻtmay “Adolat” gazetasining shu yilgi 10 sentyabr sonida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimovning “Abu Hafs Kabir Buxoriy kim boʻlgan?” sarlavhali maqolasi bosildi. Unda olimning hayoti va faoliyati qisqa satrlarda yoritilgan.

Islomda mazhab oʻta muhim masala hisoblanadi. Biz ‒ Markaziy Osiyo musulmonlari Abu Hanifa Imom Aʼzam asoslagan hanafiya mazhabidamiz. Jahon musulmonlarining 47 foizi ‒ shu mazhabda. Bu eʼtiqod yoʻlini yurtimizga aynan Abu Hafs Kabir Buxoriy olib kelgan. U Bagʻdodda Abu Hanifaning shogirdi Imom Muhammaddan hanafiylik mazhabi fiqhini oʻzlashtiradi. Yurtga qaytib, shuning targʻibi bilan shugʻullanadi.

Eng muhimi, Imom Buxoriy, Imom Termiziydek buyuk muhaddislarga ustozlik qiladi.

Mustaqillik yillarida Buxoro viloyati hokimligi va hozirda Buxoro viloyati nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi, 1996–2011 yillarda Buxoro viloyati hokimi Samoyiddin Husenov tashabbusi bilan Abu Hafs Kabir Buxoriy mangu makon tutgan majmua obod qilindi. Majmua darvozaxonasi, xuddi Ismoil Somoniy maqbarasiga oʻxshab ketadigan maqbara, yangi masjid, oʻz oʻrnida Buxoroning qadimiy Haqroh (Abu Hafs Kabir) darvozasi qurildi. Shu tariqa bu yer mamlakatimizning muqaddas ziyoratgohlaridan biriga aylandi.

Imom Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy milodiy 768 yili Buxoroda tugʻilib, 832 yili ona shahrida vafot etgan. Bu ulugʻ zot islom olamiga Abu Hafs Kabir Buxoriy nomi bilan tanilgan fiqhshunos va faylasuf, ilohiyotshunos, buyuk muhaddis, benazir avliyo, ulamolar sultoni va sardaftari Imom Buxoriyning zamondoshi va ustozi.

Buxorodan uzoq islom shaharlari, xususan, oʻsha davrda islomiy ilm va madaniyat poytaxti hisoblanmish Bagʻdodga borib, hanafiy mazhabining asoschisi, ilohiyotchi, faqih, muhaddis Abu Hanifaning taniqli shogirdi Imom Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniyga shogird tushgan. Qaytganida uni buxoroliklar bayram qilib kutib olib, ommaga xizmat qilishini soʻraganlar, masjidni bezab, oʻrin tayyorlashgan, toki Iroqdan olib kelgan ilm va maʼrifatga boʻlgan chanqoqlarini qondirsinlar.

Imom Aʼzamning nevara shogirdlari Abu Hafs Kabir islom huquqshunosligi asoslarini yaratgan yirik olim boʻlgan. Narshaxiyning yozishicha, uning sharofati bilan Buxoro “Qubbat ul-islom” – “Islom dinining gumbazi” unvonini olgan. Abu Hafsning oʻziga “Kabir Buxoriy” – “Buxoriylarning kattasi” va “Imomi hojatbaror” – “Hojatlarni chiqaruvchi imom”, “Hazrati imom” degan unvonlar berilgan. Abu Hafs Kabirning “Fatovoyi Abu Hafs” (Abu Hafsning fatvolari) islom olamida maʼlum va mashhur boʻlib, barcha faqihlar hazratning fatvolariga suyanib ish yuritgan.

Avliyo va ulamolar tarixiga doir qaysi bir kitobni varaqlamaylik, albatta ularda Abu Hafs Kabir va bu ulugʻ zotning farzandi, taʼlimoti davomchisi Abu Hafs Sagʻir toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qayd qilinadi. Buxoro ulamolari haqida gap borganda, albatta dastlab Abu Hafs Kabirning muborak nomlari tilga olinadi.

Sharq ayolining madaniy-maʼrifiy sohadagi gʻayratiga ham tarixdan koʻplab misollar topish mumkin. Jumladan, buyuk faqih Abu Hafs al-Kabir al-Buxoriyning ayoli unga oʻz maslahatlari bilan koʻmak berar edi. Bunday dono oʻgitlardan hayratda qolgan buyuk imom bir kuni ayoliga shunday degan ekan: “Ya ayyatuha al-marʼa, ramayti bisahmin nofiz” (Ey ayol, teshib oʻtadigan yoy otding). Yaʼni ayollari ham fiqh va hadis ilmida oʻz zamonasining yaktosi boʻlganligidan kishilar biror masala soʻrab kelsalar kamondan oʻq qanday tez otilib chiqqaniday hozirjavob boʻlganlar.

Abu Hafs Kabir Buxorodagi Darvozai Nav qarshisidagi tepalikda dafn etilgan. Buxoroliklar u joyni muqaddas sanab, “Haqrah” (“Haq yoʻl”) va “Tali Xoja Imom Abu Hafs” (“Xoja Imom Abu Hafs tepaligi”) deb ataganlar.

Abu Hafs Kabir Buxoriy Buxorodan Bagʻdodga borib, Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniyga shogird tushganlar. Muhammad ibn Hasan Shayboniy Abu Hanifaning yoʻlidan borib shariat huquq normalarini nazariy tomondan asoslab tizimga soladi, qiyosni tatbiq qiladi. Yaʼni Qurʼon va Sunnada boʻlmagan masala qiyosda taqqoslash yoʻli bilan hal qilingan.

Alloma islom huquqshunosligida istihson (bir narsani yaxshi deb hisoblash) tamoyilini ishlab chiqdi. Mahalliy huquq normalarini huquqshunoslikka tatbiq qilishning nazariy asoslarini rivojlantirdi. Shariat huquqshunosligi tizimini yaratishda Qurʼoni karim va islomda musulmonlar uchun ibrat hisoblangan Hadisi sharifni asos qilib oladi.

Abu Hafs Kabir Qurʼonning huquqiy normalarini hayot bilan bogʻladi. Bu davrda Arab xalifaligi hududida turli xalqlar yashar edi. Oʻz oʻzidan maʼlumki, ularni bir xil qonun oʻlchovda saqlash yaʼni hamma joyda yagona qonun joriy qilish mumkin emas edi. Turli sinf ijtimoiy guruhlarning vakillari hadislar toʻqib, ularda oʻz manfaatlarini ifodalashga urinar edi.

Shuning uchun Abu Hafs Kabir Abu Hanifa yoʻlidan borib, mahalliy sharoitga mos keladigan umumiy shariat normalarini ishlab chiqadi. X asr tarixchisi Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobida Imom Abu Hafs Kabir oʻz davrining faqihlaridan biridir, zohid va ham olim boʻlgan, deyiladi. Abu Hafs Kabir va oʻgʻillari Abu Hafs Sagʻir tashabbuslari bilan Buxoro va umuman Movarounnahrda hanafiya mazhabi taʼlimotiga asoslangan mahalliy islom huquqshunosligi maktabiga asos solingan.

Sunniylik yoʻnalishiga mansub boʻlgan, imom Abu Hanifa tomonidan asos solingan hanafiy mazhabi qonunlari nisbatan yumshoq va moʻtadilligi, xalqlarning milliy anʼanalari, urf-odatlarini eʼtiborga olgani sababli dunyoda keng tarqalgan. Diyorimiz musulmonlari ham 14 asr mobaynida hanafiylik mazhabiga eʼtiqod qilib kelmoqda.

Abu Hafs Kabir Movarounnahrda nafaqat fiqh ilmining, balki Buxoro kalom (islom falsafasi, ilohiyotshunoslik) maktabining ham asoschisidir. U zotning Buxoroda, qolaversa Movarounnahrda islom olamidagi salohiyati va nufuzi beqiyosdir. Abu Hafs Kabir Buxoroda bir necha masjid va madrasalar qurib, tolibi ilmlarga fiqh, hadis, tasavvuf, aqida ilmlaridan dars oʻtib, odamlarda paydo boʻlgan turli savollar va masalalarning javoblarini aytib berar edi.

Abu Hafs Kabir hanafiy mazhabi taʼlimotlarini birinchi boʻlib Movarounnahrga olib keldi. Uning qoʻl ostida koʻpgina faqihlar va olimlar yetishib chiqdi. Tarixchilarning taʼkidlashicha, Buxoroda ilmning tarqalishi, imom va ulamolarning hurmat topishiga sababchi boʻlgan kishi Abu Hafs Kabir boʻlgan. Abdulkarim as-Samʼoniyning aytishicha, Abu Hafs koʻpgina faqihlarni tarbiyalab, kamolga yetkazgan.

Abu Hafs Kabir hanafiy mazhabi fiqhining Movarounnahrda tarqalishida jonbozlik koʻrsatgan boʻlsa, uning oilasi, xususan, oʻgʻli Faqih Abu Abdulloh Muhammad ibn Abu Hafsning ham bu borada xizmati buyuk boʻlgan. Shuning uchun ham uni Abu Hafs Sagʻir, yaʼni kichik Abu Hafs deb atashgan.

Abu Hafs Kabirning shuhrati Buxoroga, qolaversa, butun islom olamiga tarqaladi. Hatto, arab diyori olimlari biror masalaning javobini topishga qiynalib qolishsa, Buxoroga Abu Hafs Kabirning oldiga bir kishini yuborib, oʻsha masalaning yechimini bilib olishar ekan. Abu Hafs Kabirning sharofatlaridan Buxoroda fiqh shu darajada rivojlanadiki, Buxoro faqihlari islom olamining asosiy shahri Bagʻdod faqihlaridan ustun boʻlganlar. Narshaxiyning taʼkidlashicha, odamlar Bagʻdoddan qaytgan paytlarida Imom Abu Hafs al-Kabir al-Buxoriydan biror masalani soʻrash uchun ham kelardilar. Imom Abu Hafs al-Kabir ulardan ajablanib soʻrardi: “Nima uchun Iroq olimlaridan soʻramadingiz?” Unga javoban: “Ulardan soʻradik, lekin ular javob berolmadilar, Iroq olimlari “Buxoroga borib, Imom Abu Hafs al-Kabir yo oʻgʻillari Abu Hafs as-Sagʻirdan soʻranglar, deb aytishdi”. Abu Hafs Kabir boshliq Buxoro faqihlari fiqhni chuqur biladigan va kuchli xotirali deb tavsiflanganlar.

Oʻsha davr ulamolari uning ilmu fazlini baholab, uni “Muallimi islom”, yaʼni islom dinining muallimi, uning sharofati bilan Buxoroni “Qubbat ul-islom”, yaʼni islom dini gumbazi va u kishi yashaydigan mahalla darvozasini “Haq roh”, yaʼni haq yoʻl deb atashgan.

Abu Hafs Kabirning sharofatidan sunniy aqidaning hanafiya mazhabi tez orada butun Oʻrta Osiyo, qolaversa Movarounnahru Xurosonga yoyila boshladi. Aholining asosiy qismi bu mazhabga moyil edi. Buxoroda hanafiy mazhabi allomalarining koʻpi paydo boʻldi, ularning boshida Abu Hanifaning oʻzining shogirdi Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniyning shogirdi – Abu Hafs al-Kabir al-Buxoriy laqabini olgan Imom Ahmad ibn Hafs al-Kabir al-Buxoriy turardi. Abu Hafsning minglab talabalari bor edi. Horis ibn Abul Vafo al-Buxoriy va oʻgʻillari Muhammad ibn Ahmad ibn Hafs az-Zibarqonlar ham shular jumlasidandir. Abu Hafs Kabir shogirdlarining dunyo tan olgan birgina yagona shogirdini eslash kifoya. Bu muhaddislar sultoni – Imom al-Buxoriydir.

Alloh taolo Imom Buxoriyga oʻtkir zakovat, kuchli yod olish va barcha ishlarni yaxshilab qilish qobiliyatini bergan edi. Ushbu ilohiy neʼmatlarning alomatlari u kishini kichiklik chogʻlaridanoq koʻzga tashlana boshlagan edi. Oʻn bir yoshlik bola boʻla turib oʻz ustozlari Ad-Doxiliyning xatolarini tuzatishlari bunga dalildir.

Otasining darsxonasida Abu Hafs Ahmad ibn Hafsdan Sufyonning “Jomeʼ” kitobini tinglar edi. Abu Hafs al-Kabir bir harfda xato qilgan edi, u qaytardi. Ikkinchi marta xato qilgan edi, yana qaytardi. Uchinchi marta xato qilgan edi, yana qaytardi. U bir muddat sukut saqlab turdi-da:

“Bu kim?” dedi.

“Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Bardizba”, deyishdi.

“Buning aytgani toʻgʻri ekan. Eslab qolinglar! Albatta, u bir kuni buyuk Odam boʻladi”, dedi Abu Hafs.

Abu Hafs Kabirning sharofatidan islom dini taʼlimotining ravnaq topishi va targʻibotining kengayishi bois koʻp oʻtmay, Buxoro shahri markazga aylandi. Abu Hafs Kabir madrasasidan juda koʻp yetuk fiqhshunos olimlar, qozilar, avliyolar, zohid imomlar yetishib chiqdi. Shu boisdan IX asrdan boshlab Buxoro “Qubbat ul-islom” (“Islom gumbazi”) nomi bilan shuhrat topadi.

IX–XII asrlar Sharq uygʻonish davri va Oʻrta Osiyoda ilmu fan, ayniqsa fiqh ilmining rivoji uchun oltin davr hisoblanadi. IX asrda Abu Hanifaning mumtoz shogirdi Muhammad ibn Hasan Shayboniydan Iroq yoʻnalishi boʻyicha fiqh ilmini oʻrgangan buxorolik faqih – Abu Hafs Kabir oʻz vataniga qaytib, Buxoroni fiqh ilmi markaziga aylantirdi va koʻp sonli shogirdlar tarbiyalab, kamolga yetkazdi.

Fiqh ilmi oʻsha asrda oʻzining rivojlanish pallasiga kirgan edi. Mazkur ilmni toʻla egallamay turib, diniy masalalarda hukm chiqarish mumkin emas edi. Shu davrga kelib kalom ilmi (teologiya) ham nihoyatda rivojlangan edi. Movarounnahrda juda katta kalomchilik maktabi yaratilib, uning asoschisi Abu Hafs Kabir Buxoriy hisoblanar edi. 

Mazkur zot toʻgʻrisida tarixiy kitoblarda ham, turli diniy tasavvufiy manqabaviy asarlarda ham juda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Abu Hafs Kabir Buxoriyning ilmiy salohiyati toʻgʻrisidagi mashhur bir rivoyatda aytilishicha, arab xalifaligining vassali boʻlgan Buxoro shahriga xalifalikning bosh vaziri tashrif buyuradi. Vazir kelganda kun qorayib kech kirgan ekan. Buxoro shahri darvozalari berkitilgan boʻlib tonggacha shaharga zogʻ ham kirishi man etilgan. Vazir darvozabondan darvozani ochishni talab qiladi. 

Darvozabon bunga rozi boʻlmagach, u oʻzining xalifalikning bosh vaziri ekanligini aytadi. Shunda darvozabon islom dinining tirgagi hisoblangan yurtdan kelgan mehmonga shunday deydi: “Men senga bir savol beraman, agar sen haqiqatdan xalifalikning vaziri boʻlsang, mazkur savolga javob bera olsang, soʻng men darvozani ochaman”, deydi va shunday savol beradi: “Kamoli iymon nadur?” Vazir javob bera olmaydi. 

Tong otib vazir kelganligi maʼlum boʻladi va arkoni davlat uni kutish uchun dabdaba bilan darvoza oldiga keladi. Shunda vazir darvozabonni chaqirtirib undan bergan savolning javobini soʻraydi. Shunda darvozabon “Kamoli iymon sabrdir” deganda vazir buni kimdan oʻrganganligini soʻraydi. Darvozabon faxr bilan “Shayximiz Abu Hafs Kabirdan” deya javob beradi. Va vazir Somoniy podshoh bilan Abu Hafs Kabir huzuriga borgan ekan.

Abu Hafs Kabir nafaqat fiqhshunos, hadisshunos, ilohiyotshunos olim, balki u xalqparvar homiy ham boʻlgan. Uning xalqqa shafqati shunchalik boʻlganki, bir yili Buxoroda qimmatchilik paytida u bir xarvor bugʻdoyni 100 dinorga sotib olib, 90 dinorga sotgan ekan. Oxiri hazratning karomatidan bir xarvor bugʻdoy narxi 10 dinorga tushibdi. Insonlarga manfaat yetishi uchun u oʻz xazinasini ham sarf etibdi. 

Hazrati Imom Abu Hafs bir xonaqoh bino etmoqchi boʻldilar va buning uchun 80 ming dinor vaqf etishni niyat qildilar. Biroq istixora va mashvarat aylab aytdilarki, men mutavalliyning vaqf shartlariga xilof ish tutishidan qoʻrqaman. Qiyomatda esa uning azobga tushishini xohlamayman. Alqissa, xonaqoh qurilishining barcha sarf-xarajatiga teng boʻlgan 80 ming dinor qimmatdagi yer va mulkni faqirlar, gʻarib va tolibi ilmlar, ulamoga sadaqa sifatida boʻlib berdilar.

Tarixchilar islom madaniyati tarixidagi birinchi tizimli madrasa h.459 /m.1066 yili saljuqiy vazir Nizom ul-Mulk barpo etgan Bagʻdodda boʻlgan deyishadi. Ammo manbalarda Bagʻdod madrasasidan taxminan bir asr avvalroq Buxoroda tizimli madrasalar boʻlganligini manbalar isbotlaydi.

U Abu Hafs Kabir madrasasidir. Buxorodagi eng qadimiy oliy oʻquv yurti, 800-810 yillar atrofida asos solingan. Ilmiy faoliyatiga hozir 1220 – 1210 yil toʻldi. Unda mashhur imom Buxoriy hazratlari ham taʼlim olgan. IX – X asrlarda koʻplab yirik taniqli olimlar shu ilm dargohida oʻqigan. Madrasa bilan bogʻliq ayrim tarixiy yodgorliklar saqlanib qolgan. Ayrimlari taʼmirlangan. Shoʻrolar inqilobiga qadar dars oʻtilgan.

Kalobod (Gulobod) madrasasi. Bu madrasa ham yuqoridagi madrasaning tengdoshidir. Unda ham Imom Buxoriy va koʻpgina mashhur tarixiy shaxslar taʼlim olgan. 1980 yillarda binosi saqlanib turgan. IX asr boshida (800 – 810 y.) qurilgan. “Arslonxon”, “Xon madrasasi” nomlari bilan ham shuhrat qozongan. Shoʻrolar inqilobiga qadar dars oʻtilgan.

Gʻaribiya madrasasi. XX asr boshlarigacha ham Buxoro olimlari “Kalobod qadimiymi yo Gʻaribiya” deb bahs yuritib kelishgan. Shu kabi maʼlumotlarga koʻra, mazkur oliy oʻquv yurti ham IX asr boshida taxminan, 800 – 810 yillarda qurilgan. Shoʻrolar inqilobiga qadar dars oʻtilgan.

Forjak madrasasi. U toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumot Narshaxiyga tegishlidir. U ham taxminan, IX asrda Samarqand darvozadan chiqiladigan yoʻlda qurilgan. Buxoroning eng qadimiy madrasalaridan biri edi. Milodiy 937 yili may-iyun oyida yonib vayron boʻlgan. Keyinchalik madrasa qayta taʼmirlanadi. XIII asrda unda mudarris Masʼud Imomzoda dars oʻtgan. Binosi saqlanmagan.

Islomning uzoq mintaqalaridagi tolibi ilmlar bu madrasada taʼlim olishni orzu qilgan. Mazkur madrasada Abu Hafs Kabir, oʻgʻli Abu Hafs Sagʻir (Abu Abdulloh), nevaralari Abdulloh ibn Muhammad fiqh, hadis, kalom, tasavvuf kabi ilmlardan saboq berishgan. Manbalarda Imom Abu Hafs Kabir Buxoriy bomdod namozidan keyin odamlarga dars bergan deb qayd etiladi. Abu Hafs Kabirning ayollari ham yirik fiqhshunos olima boʻlib, ayollarga saboq berganlar. Alloma baʼzi masalalarda qiynalgan paytlari ularni hal qilishga ayollari koʻmaklashgan.

Manbalarda yozilishicha, X asrning taniqli qozisi Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Ali ibn Shohivayh Buxoroga borib “Abu Hafs al-Kabir” madrasasida taʼlim olgan. Yaʼni madrasa bu sanadan oldinroq ham boʻlgan. Narshaxiy “Kular Tekin madrasasi”ni zikr etadi. Kular Tekin xurosonlik Muqanna inqilobchisi sarkardalaridan biridir. Bu taxminan h.163/m.779 yili boʻlgan. Bu bizni VIII asr oʻrtalarida Buxoroda masjiddan mustaqil tizimli madrasalar boʻlgan, degan fikrga olib keladi. “Ravzat ul-jannot” (“Jannat bogʻlari”) kitobi muallifi Al-Xavonsoriyning quyidagi gapi fikrimiz dalilidir: “Birinchi qurilgan madrasa Buxoroda boʻlgan”. Shuningdek, bu fikrni islom madrasalari tarixini oʻrgangan iroqlik professor Nojiy Maʼruf ham bir necha kitobida maʼqullaydi.

Madrasalar nafaqat ilmiy muassasa, balki uzoq oʻlkalardan keladigan olim talabalar uchun maskan ham boʻlgan. Imom Abu Hafs al-Kabir al-Buxoriyning madrasasi islom olamining turli oʻlkalaridagi olimlar va tolibi ilmlarning orzu qilgan madrasasi boʻlgan. Bu madrasalarning Buxorodagi odamlar va unga qoʻshni davlatlar orasida islomni yoyishda hissasi beqiyos boʻlgan.

Yuqorida bayon etilganlardan shu narsa ayonki, VIII–XI asrlarda Buxoroda ilm-maʼrifat gullab yashnagan. Ana shu muqaddas zaminda bunyod boʻlgan ilm, madaniyat va maʼnaviyat gulshanida bir-biridan ulugʻvor daholarning kamol topgani, fan olamining ulkan chinorlari osmon qadar yuksalgani tasodifiy hol emas, balki tabiiy bir jarayon hosilasi ekanidan dalolat beradi.

Abu Hafs Kabir – Imom Hojatbarorning Buxoroda tugʻilib, islom olamiga shu zamindan tanilgani, uning ibratli hayoti, boy diniy va maʼnaviy merosi ham bu tarixiy jarayondan istisno emas.

2022 yili Abu Hafs Kabir Buxoriyning vafotiga 1190, 2023 yili esa tavalludiga 1255 yil toʻladi.

Taklifimiz shundan iboratki, yo ana shu tavalludi, yo vafoti sanasini xalqaro miqyosda keng nishonlash ‒ lozim.

Shunday qilinsa, avvalo, oʻzimizda, qolaversa, jahon miqyosida ulugʻ alloma hayoti va faoliyatini keng va chuqur oʻrganish, merosini toʻplash va nashr qilish, uning islom sivilizatsiyasi ravnaqiga qoʻshgan munosib hissasini har tomonlama koʻrsatish imkoniyati paydo boʻladi.

Agar shu sanani nishonlash toʻgʻrisida tegishli qonunosti hujjati qabul qilinsa, davlat granti asosida ilmiy ekspeditsiya uyushtirib, allomaning jahon kitob xazinalarida saqlanayotgan asarlarini topib kelish, oʻrganish va nashr etish imkoni yuzaga keladi ham.

Bugun buyuklarimiz bilan faxrlanishimizning oʻzi yetarli emas. Ularning merosini oʻzlashtirib, hayotimizga joriy etishimiz ‒ zarur. Islom olamida turli-turli gʻoyaparastliklar koʻpayib, hatto, zalolatga boshlovchi har xil oqimlar paydo boʻlgan bugungi murakkab mafkuraviy vaziyatda Abu Hafs Kabir Buxoriy taʼlimoti bizni toʻgʻri yoʻlga boshlashi ‒ tayin.

Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari nomzodi, “Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi.
Komiljon RAHIMOV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, “Naqshbandiya” jurnali tahrir hayʼati aʼzosi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi
Manba: muslim.uz

Check Also

Imom Buxoriyning islom tarixiga oid nodir asari taqdimoti

Joriy yilning 27-mart kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida buyuk muhaddis olim, …