Home / ALLOMALAR / MUHAMMAD IBN FAZL BUXORIY HAYOTI VA ILMIY MЕROSI

MUHAMMAD IBN FAZL BUXORIY HAYOTI VA ILMIY MЕROSI

Muhammad ibn Fazl Abu Bakr Fazliy Kamoriy 301/912 yilda Buxoroning Kamor (Qumor) qishlogʻida tugʻilgan. Yirik faqih boʻlib, asosiy ilmni Abdulloh ibn Muhammad ibn Yaʼqub ibn Horis Subazmuniydan olgan.

Bu haqda Abdulhay Laknaviy oʻz kitobida quyidagicha yozadi: “U fiqh ilmini Ustoz Abdulloh Subazmuniydan, u Abu Hafs Sagʻirdan, u otasi (Abu Hafs Kabir Buxoriy)dan, u Muhammad (Shayboniy)dan olgan”[1].

Muhammad ibn Fazl Buxoriyning fiqh sohasidagi fikr va qarashlari barcha olimlar tomonidan qabul qilingan. Hatto Oʻrta asrlarda yozilgan barcha fiqh kitoblarida uning qarashlari hujjat sifatida keltirilgan.

Agar X-XI asrlarda Buxoro va uning atrofida islom huquqshunosligining rivojini kuzatsak, barchasi Muhammad ibn Fazl nomi bilan bogʻliqligining guvohi boʻlamiz[2].

Buxoro va uning atrofidan yetishgan barcha olimlar silsilasida Muhammad ibn Fazlning nomini koʻramiz. Bu oʻsha davrda uning ilmiy va huquqiy salohiyati yuqori boʻlganini, barcha ilm ahli tomonidan eʼtirof etilganini koʻrsatadi.

Muhiddin Hanafiy “Al-javohirul muziyya fiy tabaqotil Hanafiyya” asarida quyidagi voqeani keltirib oʻtadi: “Muhammad ibn Fazl Fargʻona shahriga keldi. U yerda ulamolar orasida, minbarda dars berib turgan Qozixonni koʻrdi. Oʻshanda Qozixon Abu Yusuf va Muhammad Shayboniy orasidagi bir xilofli masalani zikr qila turib, Abu Yusufning gapini Muhammadning gapi, Muhammadning gapini Abu Yusufning gapi bilan chalkashtirib qoʻydi. Shunda Abu Bakr Muhammad ibn Fazl unga: “Chalkashtirding”, dedi. Qozixon: “Yuq, chalkashtirmadim”, dedi. Abu Bakr: “Agar chalkashtirmagan boʻlsang, aslida Abu Yusufning gapi bunday-bunday boʻladi va Muhammadning gapi bunday-bunday boʻladi”, dedi-da, soʻng bir nechta masalalarni aytib berdi. Shunda Qozixon minbardan tushib, uni quchoqlab oldi. Soʻng uning qoʻllarini oʻpib: “Adashmasam, siz Muhammad ibn Fazl Kamoriy boʻlsangiz kerak”, dedi. U: “Ha”, dedi. “Unday boʻlsa, bu majlisga dars oʻtishga mendan koʻra siz haqliroqsiz”, dedi”.

Muhammad ibn Fazl koʻplab faqih olimlarni tarbiyalagan. Ismoil ibn Husayn ibn Ali ibn Husayn ibn Horun Buxoriy, Qozi Abu Ali Husayn ibn Xizr Nasafiy, Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Muslim Shikoniy, Abdulloh ibn Fazl Xayzoxaziy, mashhur “Kifoya ash-Shaʼbiy” asari muallifi Abu Jaʼfar ibn Abdulloh Ustrushaniy kabilar uning shogirdlari hisoblanadi.

Bu faqihlar orasidagi Abu Isʼhoq Shikoniy haqida Samʼoniy bunday deydi: “Abu Ichoq Ibrohim ibn Salim Shikoniy faqih va fozil imom edi. Imom Abu Bakr Muhammad ibn Fazldan fiqh ilmidan taʼlim olgan. U Buxoroda Abu Bakr Muhammad ibn Fazlning imlo majlisi peshvolaridan edi”[3].

Hanafiy mazhabining mashhur faqihi, arab tilida yozilgan tasavvufga doir eng dastlabki tartibli asarlardan birining muallifi Abu Bakr Muhammad ibn Isʼhoq Kalabodiy Buxoriy ham Muhammad ibn Fazlning shogirdi boʻlgan. Manbalarda u haqida “Muhammad ibn Fazldan huquqdan taʼlim olgan…”[4], deb keltiriladi.

Muhammad ibn Fazl oʻzi yirik faqih boʻlishi bilan birga, faqihlar sulolasiga ham asos solgan. Uning avlodlaridan yetishib chiqqan olimlar Fazliy nisbasi bilan atalgan. Usmon ibn Ibrohim ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad Fazl Buxoriy Fazliy (1035-1114), Abu Muhammad Abdulaziz ibn Usmon ibn Ibrohim Fazliy (1122-1139), Abu Bakr Muhammad ibn Muhammad ibn Ibrohim ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Fazl Buxoriy Fazliy (vaf.1154) kabi yirik olimlar uning avlodlaridir. Samʼoniy ushbu sulola vakillari haqida koʻplab maʼlumotlar keltirib oʻtgan.

Xususan “Al-Ansob”da uning avlodi boʻlgan Usmon ibn Ibrohim ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad Fazl Buxoriy Fazliy haqida quyidagicha keltiriladi: “Abu Amr Usmon ibn Ibrohim Buxoriy Fazliy Buxoroning imomi, solih olim va chiroyli siyratli edi. 426/1036 yilning ramazon oyida tavallud topib, 508/1115 yilda Buxoroda vafot etgan”[5].

Muhammad ibn Fazl Buxoriy ilmiy merosiga kelsak, manbalarda uning birgina “Al-Favoid fil fiqh” asari keltirilgan[6].

“Oʻrta Osiyo olimlari qomusi”da: “Abu Bakr Muhammad ibn Fazl Kamoriy Buxoriy Hanafiy – fozil inson boʻlgan. Uning asarlaridan “Al-Favoid fil fiqh” (“Fiqh haqidagi foydali maslahatlar”) maʼlumdir”, deb keltirilgan. Ammo tadqiqot davomida ushbu asarning bizgacha yetib kelgani haqida maʼlumot topilmadi.

Buxoro shahridan olti kilometr gʻarbda Chor Bakr ziyoratgohi joylashgan. Toʻrt buyuk avliyo – Abu Bakr Saʼd (vaf. 970), Abu Bakr Homid (vaf. 937), Abu Bakr Muhammad ibn Fazl (vaf. 991), Abu Bakr Tarxon (vaf. 945) sharofatidan bu mavze Chor Bakr yaʼni, toʻrt Bakr ismli zot nomi bilan atala boshlagan[7].

Muhammad ibn Fazl Buxoriy 381/991 yili ona shahri Buxoroda vafot etib, oʻsha Chor Bakr qabristoniga dafn etilgan.

Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
_______________________________________________________________
[1] Abdulhay Laknaviy. Al-Favoidul bahiyya fiy tarojimil Hanafiyya. ‒ B.184.
[2] A. Sarsenbayev. M. Atayev. Movarounnahr faqihlari. T.: Movarounnahr, 2011. – B. 11.
[3] Abdulkarim Samʼoniy. Al-Ansob. Abdulgʻafur Razzoq Buxoriy, Komiljon Rahimov tarjimasi. ‒ T.: 2017. – B. 49.
[4] Islom ensiklopediyasi. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2004. – B. 161.
[5] Abdulkarim Samʼoniy. Al-Ansob. Abdulgʻafur Razzoq Buxoriy, Komiljon Rahimov tarjimasi. ‒ T.: 2017. ‒ B.62.
[6] Qarang: Umar Rizo Kahhola. Muʼjamul muallifin. 3-juz. – Bayrut: “Muassatur risola”, 1993. – B. 588; Abdulloh Abdulhamid Saad. Oʻrta Osiyo olimlari qomusi. ‒ T.: Imom Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi nashriyoti, 2007. – B. 57.
[7] Sadriddin Salim Buxoriy. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari. – Buxoro: Durdona, 2012. – B. 63.

Check Also

ABU BAKR AHAVAYNIY – MOHIR JARROH VA FAYLASUF

Abu Bakr Ahavayniy – Somoniylar davrida yashagan faylasuf va tibbiyot olimi. Buxoroda tabiblar oilasida tugʻilgan. Farorudiydagi (Movarounnahrning …