Home / XALQARO YANGILIKLAR / “ZARAFSHON VOHASI TARIXI VA MADANIYATI” SЕMINARLARI BOSHLANDI

“ZARAFSHON VOHASI TARIXI VA MADANIYATI” SЕMINARLARI BOSHLANDI

Avval xabar berilganidek, 6 aprel kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti hamkorligida  “Zarafshon  vohasi tarixi va madaniyati” mavzui doirasida qator ilmiy maʼruzalarni oʻzida mujassam etgan  onlayn-seminarlarning ikkinchi bosqichi boshlandi.

Zoom videokonferensiya dasturi orqali oʻtkazilgan navbatdagi ilmiy anjumanda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti tadqiqotchisi, tarix fanlari doktori Oʻktambek Sultonovning “Movarounnahrda Siddiqiylar nasabini qonuniylashtirishning uch versiyasi” mavzuidagi maʼruzasi tinglandi.

Seminarda Oʻzbekiston va Germaniya ilmiy doiralari vakillari bilan birga AQSH, Misr va  Pokistondan sharqshunos va islomshunos  olimlar ishtirok etdi.

 Maʼruzachining taʼkidlashicha,  mazkur mavzu musulmon genealogiyasi va sakral xonadonlari tarixi haqida boʻlib, bugungi kunda musulmon genealogiyasi, sayyid-sharif muammolari islom nasabshunoslari asarlari va shajaralar asosida oʻrganib kelinmoqda.

– Shu paytgacha bir guruh olimlar tomonidan Ali ibn Abu Tolib va qisman qurayshiylar xonadoniga mansub sayyidlar hayoti va ilmiy merosi oʻrganilgan. Mening ancha vaqtdan beri olib borayotgan tadqiqotim esa Markaziy Osiyo va boburiylar saltanatida Abu Bakr Siddiq avlodlari tarixiga bagʻishlangan, – dedi  Oʻktambek Sultonov.

Olimning taʼkidlashicha, Xumboldt fondi loyihasi sifatida bajarilgan ushbu tadqiqot Toshkentda dafn etilgan asli bagʻdodlik mutasavvif Shayx Zayniddin Kuyi Orifoniy (XIII asr) xonadoni misolida siddiqiylar tarixini oʻrganishdan iborat. Afsuski, mavzu bilan bogʻliq ayrim xulosalarni asoslashda dalillar yetishmayotgani sabab ishni yakunlash biroz kechikmoqda. Ana shunday muammolardan biri siddiqiylar legitimatsiyasi bilan bogʻliqdir. Ushbu maʼruzadan koʻzlangan maqsad ham ana shu yoʻnalishdagi tadqiqotlar sarhisobini ishtirokchilarga taqdim etish, uchrayotgan baʼzi muammolar toʻgʻrisida oʻzaro maʼlumot almashib, olimlarning bu boradagi  fikr-mulohazalarini oʻrganishdan  iborat.

Ochiq va samimiy muloqot tarzida oʻtgan seminar qiziqarli savol-javoblarga boy boʻldi. Mavzu yuzasidan  ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga ilmiy dalillar bilan atroflicha javob qaytarildi.

Seminar soʻngida tashkilotchilar tomonidan navbatdagi ilmiy muloqot shu yilning may oyida tashkil etilishi va unda amerikalik olim, Hofstra universiteti professori Aleksandr Naymarkning maʼruzasi tinglanishi aytib oʻtildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Tasavvuf – yirik ijtimoiy voqelik sifatida

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon …