Home / YANGILIKLAR / “MOVAROUNNAHRDA SIDDIQIYLAR NASABINI QONUNIYLASHTIRISHNING UCH VЕRSIYASI” mavzusida oʻtkazilgan onlayn seminardan olinadigan asosiy xulosalar

“MOVAROUNNAHRDA SIDDIQIYLAR NASABINI QONUNIYLASHTIRISHNING UCH VЕRSIYASI” mavzusida oʻtkazilgan onlayn seminardan olinadigan asosiy xulosalar

  • Musulmon genealogiyasi va sakral xonadonlari tarixi, bugungi kunda musulmon genealogiyasi, sayyid-sharif muammolari islom nasabshunoslari asarlari va shajaralar asosida oʻrganilgan.
  • Bu tadqiqot Markaziy Osiyo va Boburiylar saltanatida Abu Bakr Siddiq (r.a.) avlodlari tarixiga bagʻishlangan.
  • Sayyid-shariflar Islom olamining gʻarbiy qismida, aytaylik, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda “ahli bayt” mansubligiga daʼvo qiluvchi, moʻtabar oilalarga beriladigan ijtimoiy-iqtisodiy imtiyozlardan foydalanuvchi yagona ijtimoiy qatlam hisoblangan.
  • Moʻgʻullar istilosidan keyingi Markaziy Osiyoda sayyid-shariflar qatlami juda siyraklashib ketadi va mintaqada “ahli bayt”ga mansub xonadonlar saralanishining navbatdagi bosqichi yuz bergani chahoryorlar avlodlari boʻlmish siddiqiy, umariy, alaviy xoʻjalarning ham sakrallashishiga, oʻz kelib chiqishini qonuniylashtirishga sharoit yaratgan.
  • Siddiqiylar nasabi qonuniylashtirishning navbatdagi muhim bosqichi ularning Abu Bakr Siddiq ahli vakillarining Abdurahmon, Abdulloh va Muhammad nomlari bilan bogʻliq. Keyingi asrlarda siddiqiy yoki bakriy nisbalarini olgan Abu Bakr Siddiq avlodlari butun islom oʻlkalari boʻylab keng tarqalgan.
  • Habashiston, Somali va Bangladeshdagi siddiqiylar qallu, shekhal, qurayshiy kabi nisbalari bilan ham tanilgan. Ular orasida nasabi Abu Bakr Siddiqning yuqorida ismi koʻrsatilmagan farzandlariga bogʻlangan siddiqiylar ham uchraydi. Ammo Movarounnahr siddiqiylari orasida nasabini Abdurahmon va Muhammadga bogʻlovchilar koʻpchilikni tashkil etadi.
  • Yozma manbalarda Qusam ibn Abbos, Said ibn Usmon va Ubon ibn Usmon kabi ayrim qurayshiylarning Movarounnahrga kirib kelish voqealari yoritilgan. Lekin ilk siddiqiylar haqidagi bunday qaydlar hozircha nomaʼlum. Ulardan biri Abu Bakr Siddiq (r.a.) farzandi yoki yaqin avlodi ekani aytilgan Poʻr Siddiq nomi bilan bogʻliq.
  • Markaziy Osiyo siddiqiylarining oʻzlarini jamiyatga tanishtirish uslubi ham rang-barang va murakkab. Ular oʻz nasabini qonuniylashtirishda alaviy sayyidlar va hukmron sulolalar bilan qarindoshlik, mashhur tarixiy yoki afsonaviy shaxslarga avlodlik daʼvolaridan keng foydalangan.
  • Muhammad ibn Ali va Umm Farva binti Qosim nikohidan Hijoz, Iroq, Eron, Xuroson va Movarounnahrda keng tarqalgan va yana qator siddiqiy ayollarning husayniy sayyidlar bilan nikohi Markaziy Osiyodagi siddiqiylar legitimatsiyasida “azaliy qarindoshlik” haqidagi muhim mafkuraviy ramzga aylangan. Siddiqiy xoʻjalar ham husayniy sayyida onalari orqali siddiqiy-alaviy, siddiqiy-husayniy kabi qoʻsh nisbalarni olib, yanada yuqori maqomlarni egallagan.
  • Siddiqiylar legitimatsiyasida Qosim b. Muhammad tobeinlar orasidagi fuqahoyi sabʼalardan biri boʻlgani sababli Movarounnahr fiqh maktabida ulugʻ shaxslardan sanalgan.
  • Qosim b. Muhammad Movarounnahrdagi eng yirik tasavvuf yoʻnalishi –Xojagon-Naqshbandiya silsilasining boshlangʻich boʻgʻinidagi shaxslardan biri sifatida ham mashhur boʻlgan. Buni biz oʻzini Qosim b. Muhammad avlodi deb taqdim qilgan Burhoniddin Margʻinoniy, Sharaf ota, Shayx Zayniddin Kuyi Orifoniy, Hazrat Mullam nasabnomalarida koʻrishimiz mumkin.
  • Movarounnahrning shimoliy sarhadlarida tarqalgan siddiqiylarga tegishli nasab zanjiri Abu Bakr Siddiq oʻgʻillaridan keyin Sulton Kaʼb, Sulton Solim, Sulton Abul Os kabi afsonaviy shaxslar orqali davom etgan, yana bu versiyada Ibrohim Adham, Jaloliddin Rumiy, Hisomiddin Sigʻnoqiy, Idikabiy kabi tarixiy shaxslar hamda Bobo Tuklos, Sulaymon Valiy, Shayx Ahmad Qorachuqiy kabi shaxsiyati aniqlik talab etadigan personajlar ham mustahkam oʻrin olgan.
  • Bobo Tuklos koʻproq Oltin Oʻrda xoni Oʻzbekxonning (1313-41) zamondoshi va uni islomga kirgizgan yassaviy shayxi sifatida mashhur boʻlgan. Bobo Tuklosning uch oʻgʻli oʻgʻli boʻlib, kenjasi Terme Oltin Oʻrda hududida yashagan. Terme ismi Movarounnahr mahalliy manbalarida Turumbiy shaklida uchraydi.
  • Turumbiy avlodlari Xorazm, Buxoro, Samarqandda ham tarqalgan. Bunday qarindosh-urugʻlik rishtalarini Ahroriylar va Joʻyboriylar misolida koʻrish mumkin.
  • Hisomiddin Sigʻnoqiy avlodlari nasabnomalarda Sigʻnoq ota laqabi ham bilan tilga olingan.
  • Yana bir siddiqiylarning nasabi Abu Bakr Siddiqqa ogʻzaki tarix, turli naqllar asosida ulangan, oʻta sodda versiya. Bu versiya koʻproq huquqiy jihatdan tasdiqlanmagan va qoralama holatdagi sakral matnlarda uchrashi bilan ajralib turadi.
  • Moʻgʻullar istilosi natijasida Movarounnahr va uning tevarak hududlarida sayyid-shariflar qatlami siyraklashib aynʼanaviy xonadonlar saralanishining navbatdagi bosqichi yuz bergan.
  • Siddiqiylar oʻzlarini jamiyatga avvalo sayyidlar singari qurayshiy, qolaversa, Abu Bakr Siddiq avlodi oʻlaroq ahli-baytga mansub tabaqa sifatida tanishtirishga intilgan. Siddiqiylarning sakral xonadonga mansubligini qonuniylashtirishning navbatdagi muhim bosqichi Abu Bakr Siddiqqa qanday yoʻl bilan avlodligini isbotlashdan yuborat boʻlgan. Xonadon vakillari oʻzlarini jamiyatga tanishtirish va nasabini qonuniylashtirishning uchta asosiy versiyasini aytib oʻtish mumkin.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

«OʻRTA OSIYO QOʻLYOZMALARI KODIKOLOGIYASI ELEMENTLARI»

 1-2-may, 2024-yil soat 10:00 da 📍 Oʻtkazish joyi: Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot …