Home / MAQOLALAR / YAXSHILIK VA TAQVODA BARDAVOM BOʻLISH CHIN INSONIY FAZILATLARDANDIR

YAXSHILIK VA TAQVODA BARDAVOM BOʻLISH CHIN INSONIY FAZILATLARDANDIR

Insonning dunyoviy fazilati oʻzgalarga yaxshilik qilish boʻlsa, uxroviysi – Allohga taqvodir. Yaxshilik inson martabasini oshiradi. Yurtimizdagi fayzu-baraka, dasturxonlarimizdagi toʻkin-sochinlik – bularning barchasi shunday fazilatli insonlarning xayrli ishlari samarasidir, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Xalqimiz azal-azaldan mehr-oqibatli, yaxshilik ulashuvchi millat boʻlib, hatto non yopganda ham muhtarama onalarimiz: “Bolam, mana shuni issiqligida qoʻshniga chiqarib ber, savob boʻladi”, deydi. Milliy qadriyatlarni oʻzida mujassam etib, chin insoniy fazilatlar ila kamol topgan har bir inson avvalo oʻz oilasi, yaqinlariga, qolaversa, oʻzi yashab turgan jamiyatdagi muhtojlarga imkon qadar yordam berishga, ularning tashvishlarini aritishga harakat qiladi. Inson bir xayrli ishga niyat qilib bel bogʻlasa, Alloh uning yoʻlini oson qilib qoʻyadi. Oʻsha inson qilgan yaxshiligidan qalbi rohatda boʻladi.

Inson yaxshilik va taqvo yoʻlida bardavom boʻlishi toʻgʻrisida muqaddas manbalarda koʻplab maʼlumotlar keltirilgan. Alloh Oʻzining Kalomida deydi: “Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizcha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir” (Oli Imron surasi, 92 oyat). Insonning bu dunyoda yaxshi koʻrgan va ehtiyoji uchun zarur boʻlgan narsalardan biri, albatta, bu moddiy boylikdir. Hayotda boy-badavlat baʼzi insonlar yaxshilik qilishga biroz qattiqliq qiladi. Qilgan xayru-ehsonidan davlati kamayib qoladigandek his etadi. Aslida saxovat oʻzi uchun bir yaxshilik ekanini bilmaydi. Oyatda Alloh yaxshilikning mukofoti jannat ekanini taʼkidlamoqda. Xayrli ishimiz sababli Alloh taolo bizga jannatni vaʼda qilmoqda. Bu inson uchun juda katta baxtdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga bu borada ulkan namuna boʻlganlar. U zot bizni doimo shunday xayrli amallarga buyurganlar. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan kelgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Insonlarning ichida Alloh taologa eng sevimlisi insonlarga koʻproq nafi tegadiganidir. Amallarning ichida Alloh taologa eng sevimlisi musulmonning qalbiga xursandlik kiritish yoki undan biror tashvishni ketkazish yoki uning qarzini yopish yoki undan ochlikni quvishdir…”dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati). Hadisi sharifdan shunday istifoda olish mumkinki, muhtojlar, kam taʼminlangan oilalar holidan xabar olish, ularga qoʻldan kelgunicha moddiy yordam koʻrsatish, ularga chiroyli muomala qilish, qalbiga hursandlik olib kirish eng yuksak amallardan ekan.

Inson yaxshilik qilishni avvalo ota-onasi va yaqinlaridan boshlashi kerak. Ota-onaga qilingan yaxshilik Allohning roziligiga olib keladi. Ota-ona farzandni kichikligidan tarbiyalab, oʻqitib, el orasiga qoʻshadigan ulugʻ insonlardir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Otalaringizga yaxshilik qilinglar, oʻgʻillaringiz ham sizlarga yaxshilik qiladilar…”, deganlar. (Imom Hokim rivoyat qilgan). Demak, ota-onani hurmat qilgan farzandidan hurmat topar ekan. Baʼzilar sadaqa, xayr-ehson qilishda biroz oʻylanib qoladi. Sababi “Men bu molu–davlatni oʻzim halol mehnat bilan, qiynalib topganmanku, qolganlar ham shunday qilsa boʻladiku. Nega men ehson qilishim kerak”, degan oʻyga boradi. Bu notoʻgʻri fikr boʻlib, xayr–ehsondan molu–davlat kamaymaydi, aksincha, koʻpayadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sadaqa qilish bilan mol kamaymaydi”, deganlar. Sadaqa qilish bilan kishining mol–mulki kamayib qolmaydi, balki Alloh taolo unga baraka berib, yomonliklardan asraydi, oxiratda esa mukofotini koʻpaytirib beradi. Kishi oʻz xayri ehson va sadaqasini har xil riyokorlikdan xolis holda amalga oshirsa, savobi nihoyatda ulkan boʻladi.

Yaxshilik insonlar oʻrtasida mehr-oqibat oshishiga, bir-biriga nisbatan oʻzaro hurmat va totuvlik hislari ortishiga xizmat qilish bilan birga, hayotdagi ishlarning rivoj topishiga ham sabab boʻladi.

Insonlar bir-biriga yordam bersa, dunyo va oxiratda Alloh ulardan qiyinchiliklarni koʻtaradi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday marhamat qilganlar:“Kim bir moʻmin birodarining dunyodagi qiyinchiligini yengillatsa, Alloh u bandaning qiyomat kunidagi qiyinchiligini oson qilib qoʻyadi”(Imom Muslim rivoyati).

Yaxshilik sababidan Alloh taolo kasalliklarni aritadi, insondagi xato-kamchiliklarni kechiradi. Inson qoʻlidan kelgunicha yaxshilik qilsin. Imkoni boʻlmasa, jilla qursa tabassum qilsin, bu ham yaxshilikdir. Inson yaxshilik qilishi uchun uning qalbi musaffo, taqvoni oʻziga lozim tutgan boʻlishi lozim. Alloh roziligini istab taqvo qilgan insongina birovlarga tili va qoʻli bilan ozor bermaydi.

Parvardigor mehribonligi sababli bandasi oʻziga yaqin boʻlishi uchun koʻpgina yoʻllarni koʻrsatib qoʻygandir. Alloh aytadi: “Ey iymon keltirganlar, Allohdan qoʻrqingiz va Unga yaqin boʻlish yoʻllarini istangiz!” (Moida surasi, 35-oyat). Oyati karimada Haq taolo iymon keltirgan bandalarni Oʻzidan qoʻrqishga, taqvoli boʻlishga hamda Oʻziga yaqin boʻlishga chaqirgan. Har bir inson oʻz imkoniyati doirasida oʻzini Alloh roziligiga olib boradigan shunday ishlarni amalga oshirishga harakat qilmogʻi lozim. Avvalo, Allohga iymon keltirish, namoz oʻqish, roʻza tutish, zakot berish, qodir boʻlsa, haj qilish shuning uchun farz boʻlgan. Bundan tashqari, Alloh taologa yaqinlashtiradigan amallar boya aytilganidek ota-onaga yaxshilik, qiyinchiliklarga sabr qilib, toatda bardavom boʻlish, neʼmatlarga shukrona, gunohlariga istigʻfor aytish, odamlarga ezgulik ulashish, xayr-sadaqa, mahzun dillarga shodlik olib kirish kabilardir. Bularning negizida taqvo yotadi.

Taqvo esa, Alloh va Rasulining koʻrsatmalariga amal qilmoqdir. Insonlarni yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish ham taqvodir. Alloh taolo aytadi: “Moʻminlar va moʻminalar bir-birlariga doʻstdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar.. “(Tavba surasi, 71-oyat).

Taqvoning yana bir belgisi ota-ona, qarindosh-urugʻ, qoʻshnilarga doimo yaxshi muomalada boʻlishdir. Qurʼoni karimda marhamat qilinadi: “Biz insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tavsiya qildik” (Niso surasi 36-oyat). Taqvodor boʻlgisi kelsa, insonlar ochiq yuzli va shirin soʻz boʻlsin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yaxshilikdan hech birini arzimagan, deb bilmagin, garchi birodaring bilan ochiq yuz bilan koʻrishishing boʻlsa ham”, dedilar. (Imom Muslim rivoyati).

Goʻzal xulq ham taqvo alomati boʻladi. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan menga eng mahbubingiz va qiyomat kuni joyi eng yaqiningiz xulqi yaxshilaringizdir”, dedilar. (Imom Termiziy rivoyati).

Binobarin, inson ota-onaga yaxshilik qilsa, qarindosh urugʻlar bilan aloqalarni mahkam qilsa, qoʻshnilarga chiroyli muomalada boʻlsa, yaxshilik va ehsonlar qilishda bardavom boʻlsa, albatta barchasi oʻziga qaytaveradi. Oʻzbekistonimiz yanada rivoj topib, yaxshilik ortidan faqat va faqat yaxshiliklar boʻlaverishi ham har bir hamyurtimizning xayru sahovati, halol mehnati va albatta, goʻzal taqvosiga bogʻliqdir.

Mashrab Xidirov
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …