Home / FOTO LAVHALAR / “Bizning faylasuf ustoz”

“Bizning faylasuf ustoz”

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universiteti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasi hamkorligida taniqli olim, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi davlat mukofoti laureati, falsafa fanlari doktori, professor Omonulla Fayzullayev tavalludining 100 yilligiga bagʻishlangan “Falsafa va fan metodologiyasi muammolari” mavzuida ilmiy-nazariy seminar boʻlib oʻtdi.

Anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov soʻnggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan, fan-taʼlim, ilmiy tadqiqotlar, diniy-maʼrifiy yoʻnalishlaridagi xayrli ishlar, faylasuf olim Omonulla Fayzullayevning hayoti va ilmiy faoliyati haqida soʻz yuritdi.

Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Raisining birinchi oʻrinbosari A.Saidov olimning Oʻzbekiston ilm-fani taraqqiyotiga, ayniqsa, falsafa fani rivojiga qoʻshgan hissasi haqida soʻzlar ekan, Omonulla Fayzullayev toʻgʻrisidagi xotiralari bilan oʻrtoqlashdi.

Tadbirda, shuningdek, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti B.Abduhalimov, Oʻzbekiston milliy universiteti huzuridagi Falsafa ilmiy jamoasi rahbari, falsafa fanlari doktori, professor G.Mahmudova, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorining bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor B.Toʻrayev va boshqa fan namoyandalarining Omonulla Fayzullayevning falsafa tarixi sohasidagi tadqiqotlari, ontologiya va tabiat, ekologiyaning falsafiy muammolari, rivojlanish jarayonida aloqadorlik tamoyillari, meʼyor kategoriyasi, ijtimoiy falsafa gʻoyalari haqidagi maʼruzalari tinglandi.

Anjumanda falsafa fanlari doktori, professor B.Toʻrayevning Omanulla Fayzullayev tavalludining 100 yilligiga bagʻishlab yozilgan “Bizning faylasuf ustoz” nomli kitobi taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Bu asardan olimning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyati, ustozlari, shogirdlari va safdoshlari haqidagi xotiralari, olimning hikmatli soʻzlari, zamondoshlarining olim haqidagi xotiralari joy olgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …