Home / ALLOMALAR / Abu Ubayd Abduvohid ibn Muhammad Juzjoniy

Abu Ubayd Abduvohid ibn Muhammad Juzjoniy

Juzjon X asrda katta hududni qamragan. Gʻaznaviylar davrida badavlat va gullab-yashnagan viloyat boʻlgan. Gʻarbda u Gurjiston va Marv, sharqda Balx, Toxariston va Bomiyon, janubda Gʻur va Bust, shimolda Amudaryo bilan chegaralangan.

Juzjonda X asr oxiri va XI asrning birinchi yarmida yashagan Abu Ubayd Abduvohid ibn Muhammad Juzjoniy tibbiyot, riyoziyot, falakiyot ilmining yetuk allomasi sifatida tanilgan.

U Abu Ali ibn Sinoning yaqin doʻsti va shogirdlaridan boʻlgan. Abu Ubayd Abduvohid ibn Muhammad Juzjoniyning ilm olamidagi eng katta qilgan xizmati shuki, u ibn Sinoning vafotidan soʻng, “Kitabushshifo” asarida ibn Sinoning tarjimai holi, hayoti va faoliyati toʻgʻrisidagi aniq maʼlumotlar keltirilgan. Bu asar ibn Sino haqidagi eng ishonchli manba boʻlib, ayni paytda Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Kiftiy, Ibn Abu Usaybiya, Bayhaqiy va Shahrazuriy kabi tarjimai hol yozadigan allomalar Abduvohid ibn Muhammad Juzjoniy ibn Sinoning hayotiga oid bergan maʼlumotlari haqida oʻz fikrlarini bildirgan.

Masalan, Bayhaqiy “Tattimatu sivanul hikma” asarida “ibn Sino “An-Najot ila ar-risalatu aʼla iyya” asarining oxirgi qismiga qoʻshimcha tariqasida riyoziyot ilmiga oid bir boʻlim keltirib, “Al-Qonun” asarini tushunish qiyin boʻlgan soʻzlariga izoh keltirgan, deb Juzjoniy aytib oʻtgan. Shuningdek, Bayhaqiy ibn Sinonning “Hay ibn Yakzan” nomli risolasiga ham izoh yozganini va “Kitabul hayvanan” risolasining bir nusxasini Nishopurdagi Nizomiya kutubxonasida koʻrganini aytib oʻtgan.

Bugungi kunda Abduvohid ibn Muhammad Juzjoniyning “Kitabu kayfiyatu aflok” astronomiyaga oid asarining uch nusxasi mavjud boʻlib, unda sayyoralarning joylashuvini bir-biriga taqqoslab oʻrganishga oid usullar xulosasini yozilgan. Ushbu nusxalar Londonda (Oxford, Bodleian Library, Thurston 3, Marsh 720; Leiden, Oriental, nr. 174/2 raqam ostida) saqlanmoqda.

Uning “Xilasu tarkibil aflak” asari ham astronomiyaga oid boʻlib, Mashhadda (nr. 5593/9 raqam ostida) saqlanmoqda. Alloma asarlarida keltirgan iqtiboslarini astronom Qutbiddin Sheroziy qattiq tanqid qilib, “yaroqsiz va aniq xatolar” deb taʼriflagan. Ammo XVI asrning ikkinchi yarmida yashagan astronom Nosiriddin Tusiy “Risala si fasl Chagʻminiy al-Mullahas fil haya” asarida usturlobning qoʻllash uslubini keltirgan va Muhammad Juzjoniyga atab qasida ham bitgan.

Abduvohid ibn Muhammad Juzjoniyning asarlari bugun oʻz tadqiqotchilarini kutmoqda.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi 3-jild Davlat ilmiy nashriyoti T:2002. 703 b.
  2. Türkiye diyanet vakfı islam ansiklopedisi cilt 1. İstanbul 1991. 559 s.
Iroda DAURBЕKOVA,
Dildora HALIMOVA
Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimlari
 
Turkiya diyonat vaqfi Islom ensiklopediyasidagi
maʼlumotlar asosida tayyorlandi.

Check Also

ABU BAKR AHAVAYNIY – MOHIR JARROH VA FAYLASUF

Abu Bakr Ahavayniy – Somoniylar davrida yashagan faylasuf va tibbiyot olimi. Buxoroda tabiblar oilasida tugʻilgan. Farorudiydagi (Movarounnahrning …