Home / MAQOLALAR / NOSIRUDDIN SAMARQANDIYNING “RIYOZATUL AXLOQ – AXLOQ TARBIYASIDAGI MASHAQQATLAR” ASARI

NOSIRUDDIN SAMARQANDIYNING “RIYOZATUL AXLOQ – AXLOQ TARBIYASIDAGI MASHAQQATLAR” ASARI

Nosiruddin Samarqandiyning asarlari orasida “Riyozatul-axloq – Axloq tarbiyasidagi mashaqqatlar” asari zamonlar osha oʻz dolzarbligini yoʻqotmasdan kelmoqda. Uning qoʻlyozma nusxasi 72 varaqdan iborat boʻlib, birinchi varagʻidan to 22 varagʻigacha yeyish, ichish, yotish, turish, yurish, ovqatlanish, oʻzaro muloqot va muomalot hamda ibodatlarga oid odob-axloq qoidalari oyatlar, hadislar va hikmatli soʻzlar bilan asoslanib bayon etilgan.

Muallif insoniy fazilatlarga xos odoblar majmuasi haqida fikr yuritib, mazkur asarida dastlab nafs tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratadi. Alloma insoniy fazilatlarni oʻzida shakllantirishni eng buyuk jihod sifatida keltirib, fikrini oyat va hadislar bilan asoslab beradi. Alloma bu xususda: “Nafsning najoti uning pokligi bilan bogʻlangandir, nafsning tarbiyasidagi eng mashaqqatli ish – muloyimlikda mudom boʻlishdir”, deydi.

Inson oʻz nafsining tarbiyasi bilan shugʻullanishda jism parvarishiga, bemor boʻlganda davolanishga ham alohida eʼtibor qaratish lozim ekanligini uqtiradilar.

3a sahifasida alloma majoziy maʼnoda nafsning ham kasallanishini aytadi va uni tuzatishning eng avlo yoʻli ulamolarning soʻzlari, undan soʻng nafsni iqomat – toʻgʻri yoʻlda ushlab turish ekanligini taʼkidlaydi. Nafs tarbiyasida inson oʻz-oʻzini taftish qilib, nazorat qilib turmogʻi muhim ekanligini zikr qilib, uning tarbiyasida quyidagilarga eʼtibor qaratishga ishora qiladi: “Alloh taolo agar bir bandaga yaxshilikni xohlasa, unga ayblarini koʻrsatib qoʻyadi. Oʻz aybini koʻrmoqning uch yoʻli mavjud boʻlib, birinchisi: rostgoʻy, sadoqatli kishidan nasihat olmoqdir. Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Oʻz ayblaridan masʼul boʻla turib, mening ayblarimni topadigan kishiga Alloh rahm qilsin.” Ikkinchisi: ayblar oʻz sohibiga dunyoda alamli xotiralarni hamroh qilib, oxiratda esa uni azobga mustahiq qilmogʻini unutmaslik. Uchinchisi; odamlar bilan aralashib yashamoq va ularni ayblaydigan narsalardan voz kechmoq. Iso alayhi-s-salom aytadilar: “Menga biror kimsa odobni taʼlim bermadi, lekin men johil insonlar jaholatini koʻrib ulardan oʻzimni asradim.”

Asarning 4b sahifasida alloma yoshlar tarbiyasiga ham alohida eʼtibor qaratib: “Yosh bolalarning qalbi musaffo qalbdur. Oʻziga berilgan har qanday narsani qabul qiladi va uni oʻzida shakllantiradi. Ularda sharm-hayoni shakllantirib, zohiriy axloqlarni hamda badani va kiyimlarini pokiza tutishga, qanday kiyimlarni kiymoq mumkinu qanday kiyimlarni kiyish mumkin emasligini oʻrgatmoq kerak”, deydi.

Asarning 4b va 5a sahifalarida alloma yoshlarda odob-axloqni shakllantirishda ularga Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning xulqlaridan soʻzlab bermoqni, Islom dinini buyuk xulqlar va chiroyli amallar bilan oʻralganini aytish kerakligini uqtiradi. Oʻz fikrini shirinsuxanlikka, chiroyli muomalotga, qoʻshnilik haqlarini bajarishga, mehmonni hurmat qilishga, bemorlarni ziyorat qilishga, saxiylikka, bagʻrikenglikka, salomni birinchi boʻlib boshlashga, jahlni yutishga, kechirimli boʻlishga, omonatdor boʻlishga, xiyonat qilmaslikka, muloyim soʻzli boʻlishga, kamroq orzularga berilib, koʻproq mehnat qilishga, yolgʻon soʻzlamaslikka va har doim haq soʻzni aytishga chaqiruvchi hadis va oyatlar bilan quvvatlash samarali usul ekanligini taʼkidlab, bunga doir bir necha hadislarni keltiradi.

Muallif asarning 7a sahifasida odob-axloq tarbiyasiga yanada koʻproq ahamiyat berishga ishorat qilgan holda, “Kitobul-adab (Odoblar kitobi)”ni tasnif qilib, uni “Odobul-mutaallim (Taʼlim oluvchining odoblari)” bilan boshlaganlar. “Taʼlim oluvchiga xos boʻlgan sifatlardan eng birinchisi – nafsni turli razil xulqlardan poklash kerak, chunki aynan mana shu amali sababli Alloh taolo farishtalari vositasida uni bu yoʻlga ilhomlantiradi va taʼlim olishini yengillashtiradi. Zero, it bor uyga va bozorlarga farishtalar kirmaganidek, maʼnan it bor va gʻala-gʻovurli betartib qalbga goʻzal axloq yaqinlashmaydi”, deydi olim.

Asarning 7b sahifasida muallif “Odobul-muallim (Muallimning odoblari)” sahifasini ochib, taʼlim beruvchi muʼtabar zotlarga oid odob-axloqlarni bayon etadi va taʼlim beruvchining odoblarining avvalida “muallim tolibi ilmni – oʻquvchini yaxshi koʻrmogʻi lozim” ekanligini hamda taʼlim berishdan asosiy maqsad Yaratganning roziligi va savobi istalish kerakligini uqtiradilar. Muallif asarning davomida hojat, poklanish va soch olishga xos boʻlgan odoblar (7b – 8a) haqida ham qisqacha maʼlumot beradi. Shundan soʻng Islom dininng arkonlari boʻlgan nomoz, zakot, roʻza odoblariga toʻxtaladi (8b).

Nosiruddin Samarqandiy: “Inson jismining shifosi shifobaxsh giyohlar va aʼzolar tarbiyasi bilan boʻlsa, qalblar davosi – ilm-maʼrifat bilan boʻladi,” deb ilm-maʼrifatni inson kamolatida muhim oʻrin tutishini taʼkidlaydi. Ilm-maʼrifat asosi boʻlgan Qurʼoni karimning tilovat odoblari haqida muallif 9a sahifada bayon qiladi. Shuningdek, 9a sahifada “Duo odoblari” mavzusida bir fasl ochib, unda duo uchun Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning sunnatlariga muvofiq eng mahbub vaqtlar haqida soʻz yuritib, fikrlarini hadis va oyatlar bilan quvvatlab keltiradi.

Shuningdek, asarda tahorat qilmoq, uxlamoq, ichmoq, yemoq, mehmon kutmoq, tijorat, doʻst tutish, qoʻshnichilik, safar odoblariga oid boblarni (9a, 9b, 10a, 11b, 12b, 15a sahifalar.), 20b – Baxillik bobi, 22a – Tavozeʼ bobi, 22b – Tavhid va tavakkul bobi, 26a – Saxiylik, 26b – Bahslashish odobi, 27a – Izzat-obroʻ, sharaf ortidan quvish bobi, 28b – Jahl, jiddi-jahd (intiluvchanlik) bobi, 29a – Jalol (ulugʻlik), jamol (chiroy), 36a – Hayo, xumq (axmoqlik) bobi kabi mavzularga alohida oʻrin ajratilgan.

Nosiruddin Samarqandiy asarning 7sahifasida “Kitobul-odob” mavzusida alohida kitob ochib, unda odobga oid maʼlumotlarni batafsil keltirganidan soʻng asarning 16a sahifasida “Kitobul-axloq (Xulqlar kitobi)”ni ochib, unda odob va xulqlarning turlariga doir bir necha fasllar va boblarni keltiradi.

Asarning 7a sahifasidan to 71a sahifasigacha odob-axloqqa oid atamalarning lugʻaviy va istilohiy maʼnolari hamda mavzuga doir fasllar keltirilgan. Kitobning yana bir eʼtiborga molik tomoni shundaki, asarda insonga xos boʻlgan ijobiy va salbiy xulq va feʼllarning alifbo tartibida joylashtirilganligidir.

Nosiruddin Samarqandiy zabardast olim va taqvoli fozil inson boʻlgan. Uning asarlari asrlar osha olimu ulamolar, tadqiqotchilar, oʻsib kelayotgan avlodlarga maʼnaviyat va maʼrifat manbai, aytish joiz boʻlsa, dasturulamal boʻlib xizmat qilib kelgan. Ammo, allomaning bironta asari ham hanuzgacha oʻzbek tiliga tarjima qilingan emas. Mazkur asarlar oʻz tadqiqotchilarini kutmokda. Shu sabab, mazkur asarlarni ilmiy asosda tadqiq etish, oʻzbek tiliga tarjima qilib, keng xalq ommasi, xususan, yoshlarimizga takdim etish oldimizda turgan muhim vazifalardan hisoblanadi.

“Riyozatul axloq – Axloq tarbiyasidagi mashaqqatlar” asarining qoʻlyozma nusxasi

Nodir Qobilov,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot  markazi ilmiy xodimi. 
Yoqubjon  Mansurov,
Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakilligi oʻrinbosari.

Check Also

BUJAYRIY NISBALI ROVIYLAR SILSILASI

IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining oltin davri sifatida eʼtirof etilgan. Koʻplab manbalarda ayni oʻsha …