Home / YANGILIKLAR / Manbashunoslik va hadisshunoslik darg‘asi

Manbashunoslik va hadisshunoslik darg‘asi

Inson xotira bilan tirik, qadri bilan ulug‘. O‘tganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, e’zozlamoq xalqimizga xos ezgu fazilatlardan biri sanaladi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida taniqli sharqshunos olim, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Ubaydulla Uvatov tavallud topgan sana munosabati bilan yosh tadqiqotchilar respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi.

“Ubaydulla Uvatov – manbashunoslik va hadisshunoslik darg‘asi” mavzusidagi tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Axmedov, raisning birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, Xalqaro islom akademiyasi rahbariyati, olimning uzoq yillik safdoshi, Akademiya professori Ahadjon Hasanov, ilmiy-tadqiqot markazlari rahbar va xodimlari, davlat va jamoat arboblari, ilm-fan hamda madaniyat va san’at namoyandalari, professor-o‘qituvchilar, olimlar, marhum ustozning yaqinlari, shogirdlari va talabalar ishtirok etdi.

Anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Diniy-ma’rifiy faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha birinchi prorektori Shuhrat Yovqochev Akademiya rektorining konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Unda olimning boy ilmiy ma’naviy merosi, yosh avlodni tarbiyalashdagi o‘ziga xos maktabi haqida ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng konferensiyada so‘zga chiqqanlar ustozning ilm yo‘lida ko‘rsatgan benazir mehnati, boy ilmiy-ma’naviy faoliyati, o‘zidan qoldirgan bebaho ma’naviy merosi, uning bugungi kundagi ahamiyatiga to‘xtalib o‘tishdi. Ubaydulla Uvatov xotirasiga bag‘ishlab “Ziyo” media markazi tomonidan tayyorlangan videorolik namoyish etildi.

– O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ilmning ulkan ustunlaridan biri, tengsiz sharqshunos olim bo‘lgan Ubaydulla Uvatov Misr olimlari orasida ma’lumu mashhur edi, – deydi misrlik olim Ahmad Sa’d Damanhuriy. – U kishini yaxshi tanigan, qadrdon bo‘lgan arab olimlari bizga Ubaydulla domlaning arab tilini mukammal bilishlari, hattoki, Misr shevalarida ham bexato so‘zlay olganini ko‘p ta’kidlashgan edi. U kishi yozib qoldirgan ko‘plab asarlar o‘ziga xosligi bilan alohida ajralib turadi. Jumladan, olimning hadis ilmiga doir asarlarida sunnat va hadis imomlari haqida batafsil ma’lumot keltiriladi. Bundan tashqari, islom olamida ulug‘ zotlardan biri sifatida e’tirof etiluvchi Imom Buxoriy hazratlarining fidoyi tadqiqotchisi ham Ubaydulla Uvatov bo‘lgani haqida shogirdlari faxr bilan e’tirof etishadi. Amir Temur haqida mustabid sovet davrida Ibn Arabshohning asarini tarjima qilgani, ulkan jur’at bilan O‘zbekistonga olib kelgani ham tahsinga sazovor.

Chindan ham hayot mazmunini ilm-u irfon tarqatish hamda munosib shogirdlar tayyorlashda, deb bilgan ustoz o‘z ilmi, aql-u zakovati, intellektual salohiyati, ilmiy potensiali bilan mamlakatning ma’naviy-ma’rifiy hayotida hamda barkamol, yetuk kadrlarni tarbiyalashda muhim rol o‘ynadi. Butun umrini ilm-fanga baxshida qilgan, yurtimiz va jahon ilm-fani, jumladan, tarix va manbashunoslik fanlari rivojiga ulkan hissa qo‘shgan taniqli olim intellektual jihatdan barkamol avlodni voyaga yetkazishda samarali faoliyat ko‘rsatdi.

Ubaydulla Uvatov mustaqillik yillarida islom olamida juda mashhur bo‘lgan, ammo o‘z vatanida ismi ham notanish bo‘lgan ko‘plab allomalarimizning hayot yo‘li, ilmiy-ma’naviy merosini xalqimizga tanishtirishdek sharafli ishni amalga oshirdi. Jumladan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Imom Moturidiy, Mahmud Zamaxshariy, Abul Muin Nasafiy, Abu Zayd Lomishiy kabi yurtimizda kamolga yetgan ko‘plab allomalar haqida birinchilardan bo‘lib o‘zbek tilida ilmiy-ma’rifiy risolalar nashr ettirdi.

Shuningdek, olim o‘z ilmiy faoliyati davomida 300 dan ortiq maqola, 50 ga yaqin kitob va risolalar tayyorladi. Mazkur ilmiy ishlar orasida rus, arab, turk tillarida chop etilgan tadqiqotlar ham talaygina bo‘lib, ular Misr Arab Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda nashr etilgan. “O‘rta Osiyo olimlari qomusi” (Toshkent, 2007), “O‘zbekiston buyuk allomalar yurti” (Toshkent, 2010), “Buyuk yurt allomalari” (Toshkent, 2017) kabi salmoqli to‘plamlar ham olimning ko‘p yillik mashaqqatli mehnati natijasidir.

– Avvalo, bugungi tadbir uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyatiga o‘z minnatdorligimni bildirib o‘tmoqchiman, – deydi Akademiya professori, olimning uzoq yillik safdosh do‘sti Ahadjon Hasanov. – Chunki inson bu dunyoga shunchaki kelib-ketmaydi. U o‘zidan yorqin iz qoldirishi kerak. Ana shunda u bu dunyodan o‘tganidan so‘ng ham avlodlari qalbida barhayot bo‘lib qoladi. Ubaydulla Uvatov ikkimiz oltmish yillik qadrdon do‘st edik. Hazil-mutoyibani yaxshi ko‘rardi. Umrini ilm olish, olgan bilimlarini o‘zidan keyingi izdoshlariga yetkazishdek sharafli mehnat bilan o‘tkazdi. Buni har qancha e’tirof qilsa arziydi.

Ta’kidlash joizki, 2017-yildan vafotiga qadar Ubaydulla Uvatov Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori sifatida ham ona zaminimizda qadimda faoliyat yuritgan yuzlab allomalarimizning ilmiy faoliyati, ma’naviy merosini keng tadqiq etishda samarali ish olib bordi.

Ubaydulla Uvatovning halol mehnati, samarali faoliyati, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qo‘shgan beqiyos hissasi davlatimiz tomonidan ham munosib qadrlanib, 2009-yili “Mehnat shuhrati” ordeni, 2017-yili O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi faxriy unvoni, 2020-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

Anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari o‘rtasida ustozning ilmiy merosi bo‘yicha viktorina o‘tkazildi. Shuningdek, ustoz xotirasini yanada abadiylashtirish maqsadida 19-20-21-fevral kunlari Akademiyada tashkil etilgan sport musobaqalarining g‘oliblari taqdirlandi. Tadbir doirasida Ubaydulla Uvatov muallifligidagi kitoblar ko‘rgazmasi hamda bugun o‘tkazilgan yosh tadqiqotchilar respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari to‘plamining taqdimoti tashkil etildi.

Shuningdek, konferensiyada Ubaydulla Uvatovning shogirdlari so‘z olib, yig‘ilganlarga ustoz haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashishdi. Shundan so‘ng tadbirning ikkinchi qismida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktorantlari tomonidan “Hakim Termiziy asarlarida imon masalasining yoritilishi”, “Nosiruddin Samarqandiyning “al-Fiqhan-nofe’” asari manbalari”, “Shaxsda diniy fanatizmni yuzaga keltiruvchi psixologik omillar” kabi mavzulardagi ilmiy ma’ruzalari tinglandi.

Ustozning yorqin xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan anjuman barchada katta taassurot qoldirdi. Anjuman yakunida yig‘ilganlar Ubaydulla Uvatov hamkasblari, do‘stlari, shogirdlari xotirasida mehribon va xushfe’l, jonkuyar ustoz bo‘lib qolishi shubhasiz ekanini ta’kidlashdi.

Manba: iiau.uz

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …