Home / YANGILIKLAR / MUSHTARAK MAQSADLAR CHORRAHASIDA

MUSHTARAK MAQSADLAR CHORRAHASIDA

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va ISESCO

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda kechayotgan keng koʻlamli islohotlar barcha sohalarni qamrab olmoqda. Xususan, diniy-maʼrifiy yoʻnalishda ham ulkan istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotganiga barchamiz birdek guvoh boʻlib turibmiz.

Buyuk alloma ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosini ilmiy asosda oʻrganish va xalqaro miqyosda keng targʻib etish maqsadida yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi bu fikrning yaqqol dalilidir. Mazkur muassasalarni tashkil etish jarayonida jahonning nufuzli xalqaro markazlari tajribasi oʻrganildi, ular bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar, huquqiy asoslar yaratib berilmoqda.

Buni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi misolida oladigan boʻlsak, ushbu muassasa tashkil etilganiga hali koʻp boʻlmagan esada, bugungi kunga qadar dunyodagi 28 ta yetakchi islom tadqiqot markazi bilan memorandumlar imzoladi. Xususan, Buyuk Bri­taniya, Fransiya, Germaniya, AQSH, Misr, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Malayziya, Pokiston, Hindiston, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi davlatlardagi ilmiy markazlar bilan aloqalar oʻrnatildi.

Yaqinda Markazning xalqaro hamkorlari yana bittaga koʻpaydi. Musulmon dunyosining eng nufuzli tuzilmasi sanaluvchi Islom hamkorlik tashkilotining Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Islom olami tashkiloti (ISESCO) bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi oʻrtasida memorandum imzolandi.

Hujjatga koʻra, ikki tashkilot ekspertlari va xodimlari ishtirokida qoʻshma ilmiy va texnologik tadqiqotlar olib borish, hamkorlikda ilmiy konferensiyalar, seminar va simpoziumlar, davra suhbatlari, maʼruzalar, shuningdek, ilmiy xodimlar uchun oʻquv kurslari va mahorat darslari oʻtkazish, tajriba va maʼlumotlar almashuvi, tadqiqotlar natijalari boʻyicha darsliklar va oʻquv qoʻllanmalar chop etish yoʻlga qoʻyiladi.

Memorandumni imzolash marosimida ISESCO Bosh direktori Salim Muhammad Malik Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan alloma va mutafakkirlarning islom ilm-fani va madaniyati ravnaqiga qoʻshgan hissasini eʼtiborga olib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida mazkur nufuzli tashkilotning Qoʻlyozmalarni tadqiq etish va kataloglashtirish boʻyicha mintaqaviy markazini tashkil etish taklifini bildirdi. Shuningdek, ISESCO Marokash qirolligining Fas shahridagi Sayyid Muhammad ibn Abdulloh universitetida Imom Buxoriy akademik tadqiqotlar kafedrasini tashkil etish, Oʻzbekistondagi yodgorlik va muqaddas qadamjolarni Islom olamining merosi roʻyxatiga kiritish kabi yoʻnalishlarda markaz bilan har tomonlama hamkorlikka tayyor ekanini taʼkidladi.

Mazkur tashabbus zamirida yoshlar ongiga islom maʼrifatini singdirish, tadqiqotchi olimlar uchun dunyo tamadduniga benazir hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, islom dinining asl insonparvarlik tamoyillarini xalqaro miqyosda targʻib etishdek xayrli maqsadlar mujassamdir. Bu borada ISESCO bilan yaqin hamkorlik yurtimiz zaminidan yetishib chiqqan ulugʻ allomalarning boy merosini xalqaro miqyosda yoritish, jahon afkor ommasini ulkan tariximiz va madaniy merosimiz bilan tanishtirish, nafaqat markaz, balki Oʻzbekistondagi barcha turdosh muassasalarning dunyodagi shunday markazlar bilan aloqalarini yanada kengaytirish imkonini ham beradi.

Bu oʻrinda markaz ISESCO bilan shu choqqacha ham bilvosita birgalikda harakat qilib kelganini qayd etish joiz. Masalan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi 2020 yil 28 may kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Madaniyat vazirligi, ISESCO va IRCICA hamkorligida “Buxoroning islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi va undagi oʻrni” mavzusida oʻtgan xalqaro ilmiy-amaliy videokonferensiyaning faol ishtirokchisi ham boʻldi.

ISESCO 1979 yilda taʼsis etilgan boʻlib, bosh qarorgohi Marokash poytaxti Rabot shahrida joylashgan. Ayni vaqtda unga 54 davlat aʼzo.

Tashkilotning asosiy maqsadlari aʼzo davlatlar oʻrtasida taʼlim, fan, madaniyat va kommunikatsiya sohalaridagi birdamlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, shu tariqa oʻzaro hamfikrlikni qaror toptirish, madaniyatlar va dinlararo muloqotni faollashtirish va alaloqibat butun dunyoda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshishdan iborat.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ushbu nufuzli tuzilma bilan hamkorlik memorandumini imzolash orqali bu boradagi faoliyatini xalqaro miqyosda faol rivojlantirishni maqsad qilgan.

Shovosil ZIYODOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi
2021 yil 18 fevral, №35 (291)

Check Also

“ZARAFSHON VOHASIDA TASAVVUF TAʼLIMOTI TARIXI: NAQSHBANDIYA, YASSAVIYA, KUBROVIYA (XV-XIX ASRLAR)”

DIQQAT, E’LON! ✅ Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari …