Home / MAQOLALAR / Boburning buxorolik qozilar bilan qanday bogʻliqligi bor?

Boburning buxorolik qozilar bilan qanday bogʻliqligi bor?

Zahiriddin Muhammad Boburning yoshligi Andijonda oʻtgan.

Buyuk tarixchi olim Abdulhay Laknaviy Hasaniy “Nuzhat ul-xavotir” (Xotiralar sayri) asarida bunday yozadi: “Hazrat Xoja Ubaydulloh Ahror uning ismini Zahiriddin Muhammad deb qoʻygan. Lekin turkiy xalqlar orasida (dovyurakligi uchun) u Boburshoh nomi bilan mashhur boʻlgan”.

Bobur barcha temuriy shahzodalar kabi maxsus tarbiyachilar, yirik fozilu ulamolar ustozligida harbiy taʼlim olib, fiqh ilmi, arab va fors tillarini yaxshi oʻzlashtiradi. Shu jumladan, koʻplab tarixiy va adabiy asarlar mutolaa qilib, sheʼriyatga qiziqishi ortadi. Boburning otasi – Umarshayx mirzo Fargʻona viloyati hokimi, onasi – Qutlugʻ Nigorxonim Moʻgʻuliston xoni va Toshkent hokimi Yunusxonning qizi boʻlgan. U oʻqimishli va oqila ayol boʻlib, oʻgʻliga hokimiyatni boshqarishida yaqindan yordam bergan va bir qancha harbiy yurishlarida hamrohlik qilgan. Otasi Axsida 39 yoshida fojiali halok boʻlgach, oilaning toʻngʻichi 12 yoshli Bobur valiahd sifatida 1494 yil iyun oyida taxtga oʻtiradi.

Bobur ikki qoʻlida qilich oʻynatadigan mohir sarkarda boʻlish bilan birga serqirra ijodkor edi. Sarkardaning hanafiylar mazhabi fiqhida “Mubayyan” nomli asari boʻlib, unga Shayx Zayniddin (ibn Qutbiddin Hanafiy) Xavofiy sharh yozib, uni “Mubayyin” deb nomlagan.“Risolai aruz”da aytilishicha, bu asar milodiy 1521 yili yozilgan. Mazkur asardan shu narsa maʼlumki, Bobur fiqhga muhabbati kuchli, hanafiy mazhabida mustahkam eʼtiqodli shaxs boʻlgan. Bu asar koʻp yillar davomida “Mubiyn” (“Mubayyin”) deya talqin qilib kelindi. Islomshunos olim Mirzo Kenjabek “Risolai Xoja Ahrori vali” risolasi muqaddimasida keltirishicha, aslida “Mubayyin” kitob sharhining nomidir. Uni Boburning munshiysi Shayx Zayn yozgan. Bu asar yana “Fiqhi Boburiy” deb ham atalgan”.

Zahiriddin Muhammad Boburdagi noyob isteʼdod, fiqhiy asar bitishga ishtiyoq, ehtimol, katta momosi Takina xotin tomonidan oʻtgan. Takina xotun, baʼzi manbalarda Tegina begim, ayrimlarida Tegina Mohbegim, deb nomlangan. U taxminan 1318 yili Buxoroda tugʻilib 1353 yilda hozirgi Shahrisabz shahrida vafot etgan va Kesh (Shahrisabz)dagi oilaviy xilxonaga dafn etilgan.

Amir Temur harbiy safarlardan qaytishda doimo Keshda toʻxtab, ota-onasi va oʻgʻli Jahongir hamda piri shayx Shamsiddin Kulol qabrini ziyorat qilib oʻtgan. Sohibqiron Amir Temur keyinchalik onasi va otasi dafn etilgan Keshdagi oilaviy xilxona ustida muhtasham maqbara qurdiradi. Amir Temurning katta oʻgʻli Jahongir mirzo 1376 yili 20 yoshida vafot etgach, uni ham ota-onasining qabri yoniga dafn ettiradi. Sohibqiron onasi xotirasiga atab, Keshda mashhur Oqsaroyni barpo etadi va Buxorodagi Chashmai Ayyub maqbarasini taʼmirlatadi.

“Hazrati Sohibqiron” asarida: “Bahodirning Buxoro Sadrush shariʼa (shariat qozi)si qizi Tekinabegim Moh bilan nikohi esa olamshumul ahamiyat kasb etdi. Tekinabegim Moh (manbalarda Takina xotun tarzida ham qayd etilgan) Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da “shayx ul-olam” deb qayd etgan Sayfiddin Boxorziy avlodlaridan boʻlgan, oʻsha paytda Buxoroda shariat qozisi mavqeida turgan Ubaydulloh ibn Mahmud Mahbubiy oilasida dunyoga kelgan. Taragʻay va Tekinabegimning nikohi oldindan bashorat qilingani, shu juftlikdan sohibqiron tugʻilishi haqida rivoyatlar mavjud”, deyiladi.

Oʻrta asr manbalari, xususan, Fasih Xavofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida keltirilishicha, Buxoro ulamolarining peshvosi sadrush shariʼa Ubaydulloh Buxoriy ibn Tojush shariʼa Mahmud ibn Ahmad Mahbubiy Buxoriyning Takina ismli qizi boʻlgan. Takinaning bobosi fiqh ilmida “toj ush-shariʼa” (shariat toji), otasi “sadr ush-shariʼa” (shariat ulugʻi), amakisi Mahmud “burhon ush-shariʼa” (shariat hujjati) kabi moʻtabar unvonlarga sazovor boʻlgan. Takina 16 yoshida Kesh amiri Muhammad Taragʻaybekka turmushga chiqqan. “Qissai Temur” yoki “Malfuzoti Temuriy” va toshkentlik tarixchi Salohiddin Toshkandiyning “Temurnoma” (1908) asarida Takina xonimning hayotiga oid ayrim maʼlumotlar mavjud. Boburning katta bobosi Amir Taragʻay barlos urugʻining oqsoqoli hamda Chigʻatoy ulusining eʼtiborli beklaridan boʻlgan. Uning ajdodlari Kesh viloyatida hokimlik qilgan. Tarixiy asarlarda Amir Taragʻay ham yiliga bir marta Ili daryosi boʻyida xon tomonidan chaqiriladigan el-yurt beklarining qurultoyiga taklif etilib, muttasil qatnashardi. U piri Shayx Shamsiddin Kulolga chuqur ehtirom koʻrsatardi, deb yoziladi. Yaxshilarning duosi bilan hosil boʻlgan bu xayrli nikohdan Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek va Bobur kabi nasl davomchilari yetishib chiqqan boʻlsa, ajab emas.

Amir Temurning ulugʻ inson boʻlib yetishishida onasining hissasi juda katta boʻlgan. Tabiiyki, buxorolik alloma Ubaydulloh Buxoriy ibn Toj ush-shariʼaning qizi Takina xotun faqih ham murabbiy boʻlgan. Balki u farzandi Temurbekni yoshligidan maxsus murabbiylar nazoratiga topshirib, chavandozlik, ovchilik, kamondan oʻq otish, qilichbozlik kabi harbiy ilmlarni egallashiga ham eʼtibor qaratgan.

Shoh Bobur “Mubayyan” asarini farzandlari Nosiriddin Humoyun va Komron mirzoga atab, fiqhiy bir dastur sifatida yozgan. Unda islomdagi besh farzning fiqhiy masalalari taʼlim beriladi. Yaʼni iymon-eʼtiqod, namoz, roʻza, zakot va haj masalalari sheʼriy tilda goʻzal bayon etilgan. Tahqiq qilib, solishtirilganda “Mubayyan” asari asosida “Muxtasari viqoya” hamda “Hidoya” kitoblari namoyon boʻladi. Asardagi duo matnlari esa, asosan, kutubi sittada, yaʼni Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom ibn Moja, Imom Nasoiy kabi olti ulugʻ muhaddisning kitobida kelgan hadislardan hamda Imom Gʻazzoliyning “Ihyou ulumid din” asaridan olingan.

Ulugʻ shoir, qomusiy alloma, maʼrifatli faqih Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” yoki “Tuzuki Boburiy” asari dunyoga mashhur. Shuningdek, sarkardaning sheʼrlar devoni majoz va haqiqatlar gavhari boʻlsa, “Volidiya” risolasining nazmiy tarjimasi uning maʼnaviy holati Ubaydulloh Ahror vali hazratlari bilan bogʻliqligidan darak beradi. “Mubayyan” asarini temuriylar davri ijtimoiy, oilaviy, diniy madaniyatining koʻrkam ifodasi deyish mumkin.

“Boburnoma”ning oʻz davrida Mirzo Abdurahim ibn Bayramxon tomonidan fors tiliga tarjima qilinishi ham asarning juda ululgʻ qadr-qimmat topganini anglatadi.

Abduvohid OʻROZOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
Manba: yuz.uz

Check Also

“TELEFONning 60 ta ODOBI”

 Odobning asli – oʻzini nuqsonli, boshqani – komil koʻrmoqlikdir.   Odobi kam boʻlgan – oʻzini …