Home / МАҚОЛАЛАР / BAHS-MUNOZARA YURITISH ODOBLARI

BAHS-MUNOZARA YURITISH ODOBLARI

Ma’lumki, qadimgi sharq mamlakatlarining tarixiy rivojlanishining bir qator ildizlari mavjud boʻlib, ulardan biri sharqda bahs-munozara yuritish odoblaridir. Darhaqiqat, munozara bu muloqotning muhim shakllaridan biri bo‘lib, nizoli muammolarni hal etish metodi va bilishning o‘ziga xos usulidir. Munozara o’zida haqiqatni o’rnatish maqsadida qandaydir nizoli, yechilmagan savolni jamoaviy muhokama qilishni namoyon qiladi. Kelishmovchiliklarsiz umumiy xulosaga kelish munozaraning natijasi bo’lishi kerak.

Movarounnahrlik olimlar tomonidan bahs-munozaraga oid bir necha asarlar yozilgan. Xususan, sharqda, bahs-munozara masalalari bilan Muhammad Ashraf Xusayniy Samarqandiyning “Munozara qilish odobi haqida risola”[1], shu asarga muallifi aniq bo’lmagan shaxs tomonidan yozilgan sharhlar[2], Azududdin Abdurrahmon Ahmad Iyjiy “Bahs-munozara qilish axloqi haqida risola”[3], Isomiddin Ibrohim Muhammad Israfayniy “Azududdin Iyjiyning risolasiga sharh”[4], Ali ibn Muhammad ibn Xusayniy tomonidan yozilgan “Azududdin risolasi”[5], Muhammad Sodiq ibn Darvish Muhammad “Azududdin risolasi”[6], Muhammad Hanafi Tabriziy tomonidan yozilgan “Munozaraning odobi”[7], G‘azzoliy “Ihyou ulumiddin”[8] asarining “Munozara va undan kelib chiquvchi yomon axloqlarning ofatlari bayoni” bobida aynan islom dinida bahs munozara va ularning axloqiy jihatlari haqida aytib o‘tilgan.

Abdurrahmon Samarqandiyning “Abu Lays hikmatlari” asarining ikkinchi bobi “ilmiy munozara-jadalning va mantiqning roli” deb nomlanadi. Bu asar hijriy 1236-yilda Qul Muhammad Balxiy tomonidan nastaliq yozuvida ko‘chirilgan. Asar qachon yozilganligi noma’lum. Lekin XIII asrdan ancha avval yozilganligini asar mazmunidan bilib olishimiz mumkin. Samarqandiy bahs-munozara qilishni mantiqiy tahlilni rivojlantirishda katta hissa qo‘shdi deyiladi. Ammo, G‘azzoliy “Ihyou ulumiddin” asarining Munozara va undan kelib chiquvchi yomon axloqlarning ofatlari bayoni bobida shunday deydi: “Bilgilki, boshqani mag‘lub etish, mot qilish, odamlar oldida fazilat va sharafni ko’rsatish maqsadida munozara qilish Allohning huzurida mazmum, iblis nazdida esa, mahmud bo’lgan barcha xulqlar manbaidir. Ushbu munozaralar kibr, manmansirash, xasad, nafsni ulug‘lash, mansabparastlik va shu kabi botiniy buzuqliklarning biridir. Ichkilik ichish yoki faxsh ish qilish orasida ixtiyorli bo‘lgan kishi ichkilik ichsa, mast bo‘lib faxsh ishlarni ham bajarishiga ham olib keladi. Shu kabi boshqalarni mot qilish, munozarada g‘olib kelish, mansabparastlik va manmansirash muhabbati kimgaki g‘olib kelsa, uni iflosliklar ichiga boshlab boradi, qalbida yomonliklar jamlanishiga vosita bo’ladi. Bu yomon axloqlarning barchasi dalillar, oyatlar va hadislarga asoslangan holda “Rubbul muxliqot” bo’limida zikr etiladi”, deydi G‘azzoliy.[9]

Abdurrahmon Samarqandiyning “Abu Lays hikmatlari” asarining ikkinchi bobi bahs-munozara haqidadir. Bu bobda shunday deyiladi: “Faqih Abu Lays shunday deydi: “Ba’zi haqiqat ulamolari va haqiqat fuzalolari ilmda bahs-munozarani makruh deb bilganlar va o‘zlariga so’z sultonining quyidagi fikrlarini asos qilib olganlar: diniy bahs va munozara yuzasidan makr misollari haqida senga bayon etishmaganmi? Hayotning bu toifa parishonxotir buzg‘unchilari xusumatni o‘z mazhablariga aylantirib, dinga asos qilib olganlar.” Yana bir o‘rinda o‘zlarining oliy bayonlarini shunday izhor aylaganlar:

“و کان الانسان اکثر شیء جدلا”, yana bir odam bo‘lgan ekan va u hamma narsadan ko‘proq jadal yuzasidan ilohiy malomatni topdi va ular haqida juda ko‘p diniy fikrlar aniqlashga intildi. Yana payg‘ambarimiz alayhissalom gulzorining suyukli guli Oyishayi Siddiqa (r.a.) shunday rivoyat qilganlar: “Shikasta dalillarga qarshi va odamlarning eng ashaddiy dushmani u masalada qarshilik qiladi, Haqni chetga surib qo’yadi va insofdan yuz o‘giradi” deyilgan.”[10] Yuqorida keltirilgan Abdurrahmon Samarqandiy keltirib o‘tgan dalillardan bilib olishimiz mumkinki, faqih ham G‘azzoliy kabi faqat haqiqat uchun bahs-munozara qilish afzalligi va u bahslashayotgan olimlarda xususiy adovatni keltirib chiqarmasligi kerakligi haqidagi g‘oyani ilgari surgan.

Xulosa qilib aytganda, sharq falsafasining yirik vakillaridan biri hisoblangan Abu Homid G‘azzoliy va Abdurrahmon Samarqandiyning falsafiy-ilmiy ta’limotidagi bahs-munozaraga oid qarashlari, nafaqat bahs-munozara haqidagi nazariyalarni yoritgan, balki inson axloqining ijobiy jihatlari uchun muhimdir. Chunki inson doim bahs va munozarada, inson bilan suhbatlarda axloq-odob qoidalariga amal qilishi, til me’yorlariga amal qilib, o‘zgalar nafsoniyatiga tegmasdan bahs-munozara qilmog’i darkor. Shu bois, ushbu falsafiy qarashlarni bugungi kunda ham yoshlar tarbiyasi va ularning barkamol shaxs sifatida shakllanishidagi ahamiyatini hisobga olib, amaliy hayotimizga tatbiq etishimiz maqsadga muvofiqdir.

Salimova Guzal
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi tadqiqotchisi
[1]Собрание Восточных Рукописей Академии Наук Республики Узбекистан. Издательство «Фан» АН РУз (bundan keyin – СВР), 2017 г. Инв №8580/XI. – B. 348.
[2] СВР. Инв №8157/XII. – B. 340.
[3] СВР. Инв №5169/XIV. – B. 342.
[4] СВР. Инв №8580/XII. – B. 347.
[5] СВР.Инв № 8580/XI. – B. 348.
[6] СВР. Инв № 8730/XV. – B. 348.
[7] СВР. Инв № 6388/V. – B. 342.
[8] G‘azzoliy, Abu Homid Muhammad ibn Muhammad “Ihyo ulum ad-din”/ Mas’ul muharrir Shayx Abdulaziz Mansur: tarjimon Mubasshir Ahmad. –Toshkent: Islom universiteti, 2014. – B. 512.
[9] G‘azzoliy, Abu Homid Muhammad ibn Muhammad “Ihyo ulum ad-din”/ Mas’ul muharrir Shayx Abdulaziz Mansur: tarjimon Mubashshir Ahmad. –Toshkent: Islom universiteti, 2014. – B. 97.
[10] СВР. Инв №2378/II. – B. 340.

Check Also

“Яхшига қилсанг яхшилик – ҳам айтади, ҳам қайтади…”

 Бисмиллаҳир Раҳмонир Раҳим! Меҳрибон Яратган Парвардигоримиз Аллоҳ таборака ва таолога беадад ҳамду санолар, Ҳазрати Пайғамбаримиз …