Home / МАҚОЛАЛАР / IMOM BUXORIY HAQIDA SIZ BILGAN VA BILMAGAN MA’LUMOTLAR

IMOM BUXORIY HAQIDA SIZ BILGAN VA BILMAGAN MA’LUMOTLAR

Arab tilida yozilgan manbalarni mutolaa qilar ekansiz Buxoriy, Samarqandiy, Shoshiy, Termiziy, Nasafiy, Xorazmiy, Keshiy, Farg‘oniy, Namangoniy deya tanilgan yuzlab, balki minglab olimlarning ismiga va ularning yozgan nodir asarlariga duch kelasiz.

Ular haqida aytilgan maqtovlar, ularning ilm darajalari va qilgan xizmatlarini o‘qisangiz beixtiyor ana shunday zotlarning avlodi ekaningizdan faxrlanasiz, deb yozadi fitrat.uz

IMOM BUXORIYNING ISMLARI VA NASABLARI:

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mug‘ira ibn Bardizbah (bu o‘sha vaqtdagi Buxorocha ism bo‘lib, uning ma’nosi “dehqon”, ya’ni qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi degani) al-Buxoriy al-Ja’fiy bo‘lgan.

U kishining bobolari Yaman Ja’fiy ta’sirida musulmon bo‘lganlar. Shundan so‘ng ularga al-Ja’fiy deb nisbat berilgan. Chunki shu zamonda insonlar kimning ta’sirida musulmon bo‘lsalar, o‘zlariga ulardan nisbat berganlar.

TUG‘ILISHLARI:

Imom Buxoriy hijriy 194 yil shavvol oyining 13-kuni – juma kunida dunyoga kelganlar. Go‘daklik vaqtlaridayoq otalaridan yetim qolganlar.

Ibn Xallikan o‘zining “Vafayotul a’yon” kitobida ta’kidlashicha, Imom Buxoriy ozg‘in, uzun ham va qisqa ham bo‘lmaganlar (ya’ni o‘rta bo‘yli bo‘lganlar). Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy yoshlik vaqtlarida ko‘zlari ojiz bo‘lib qoladi. Bir kuni onalari tushlarida Ibrohim alayhissalomni ko‘radilar. Ibrohim alayhissalom onalariga: “Sening ko‘p duo qilganing va yig‘ilaringdan keyin Alloh taolo bolangning ko‘zini qaytarib berdi”, – deydilar. Tong otgandan keyin, qarasalar Alloh bolalarining ko‘z nurini qaytarib bergan ekan.

HADIS ILMINI O‘RGANISHLARI VA YODLASH QOBILIYATLARI:

Imom Buxoriy maktabda o‘n yoshlik vaqtlarida hadis yodlashga qunt bilan kirishdilar. Maktabni tugatganlaridan keyin, Imom Doxiliy va undan boshqalar bilan birga yurdilar. Imom Doxiliy bir kuni insonlarga hadis o‘qib berayotib:

“Sufyon Abu Zubayrdan rivoyat qiladi. U Ibrohimdan rivoyat qiladi”, – deydi.

Imom Buxoriy: “Abu Zubayr Ibrohimdan rivoyat qilmagan”, – deydilar. Shunda Imom Doxiliy Imom Buxoriyni jerkib beradilar. Imom Buxoriy bo‘lsa: “Aslga qayting”, – deydilar. U zot uyiga kirib, yozib olgan narsalariga qaraydilar. so‘ngra qaytib chiqib: “Ey bola bo‘lmasa qanaqa!” – deydi. Imom Buxoriy: “Zubayr ibn Adiy Ibrohimdan rivoyat qilgan”, – deydilar. Imom Buxoriydan qalamni olib, kitobdagi xatoni tuzatadilar va Imom Buxoriyga: “To‘g‘ri aytding”, – deydilar.

Imom Buxoriy Doxiliyga raddiya bergan vaqtda 11 yoshda edilar.

So‘ngra onalari va akalari Ahmad bilan Makkaga safar qildilar. Haj qilganlaridan keyin akalari Ahmad onalari bilan Buxoroga qaytdilar. Imom Buxoriy hadis talabida u yerda qoldilar. U zot Hijozda olti yil yashaganlar.

Imom Buxoriy o‘zlarining safarlari haqida shunday deganlar:

“Men hadis ilmini o‘rganish uchun Shom, Jazira va Misrga ikki marotaba, Basraga to‘rt marotaba bordim. Hijozda olti yil yashadim. Kufa va Bag‘dodga muhaddislar bilan necha marta qatnaganimning sanog‘i yo‘q”.

16 yoshga to‘lganlarida ibn Muborak va Vake’ning kitoblarini yodlaganlar. Imom Buxoriy 18 yoshga to‘lganlarida insonlar u kishidan hadis rivoyat qilardilar. Huddi shu yoshlarida sahobalar, tobe’inlar va ularning so‘zlari haqida kitob yozganlar.

Hoshid ibn Ismoildan: “Imom Buxoriy yoshlik vaqtlarida bizlar bilan ustozdan dars eshitishga borar edi. Bizlar darslarni yozib olsak u hech narsa yozib olmasdi. Kunlar shu yo‘sinda o‘tdi. Biz unga: “Sen bizlar bilan yurasan, lekin hech narsa yozib olmaysan”, – dedik. Buxoriy bizga 16 kundan keyin: “Sizlar menga ko‘p e’tiroz bildirdingiz. Yozib olganlaringizni menga ko‘rsating”, – dedi.

Biz o‘zimizdagi hadislarni ko‘rsatgan edik, Buxoriy unga 15000 hadis ziyoda qilib aytdi. Buxoriy ularni hammasini yoddan aytdi. U yoddan aytganidan biz yozib olganlarimizdagi xatolarni ham tuzatib oldik.

U ZOTNING USTOZLARI:

U zot 1000 ga yaqin ustozdan hadis eshitganlar. Ulardan mashhurlari:

Muhammad ibn Sallom Poykandiy (225 hijriy sanada vafot etganlar).

Abdulloh ibn Muhammad Masnadiy Jo‘fiy (239 hijriy sanada vafot etganlar).

 

IMOM BUXORIYNING TAQVOLARI:

Imom Buxoriy juda taqvodor, kam ovqat tanovul qiladigan inson edilar. Kechalari oz uxlardilar. Hatto bir kechada 18 marotabagacha turar, hamda shamchiroqni yoqib zehnlaridagi narsalarni yozib qo‘yardilar. U zotni hadisdan boshqa narsa band qilmas edi. Kechayu kunduz faqat hadis bilan shug‘ullanar edilar. U zotga raddiya beruvchi insonlar bilan juda odobli tarzda gaplashar edilar. Ulardan hadis rivoyat qilinmaydigan roviy haqida haddan oshmasdan gapirar edilar.

Misol uchun, “Muhaddislar u kishi haqida jim bo‘ldilar”, deb aytardilar. U zotni zehnlari haqida ko‘plab rivoyatlar kelgan. Yuqorida ulardan ayrimlarini keltirdik. U zot mujtahid olimlardan bo‘lganlar.

Obid MIRHAMIDOV,
 “Sa’dulla ota” jome masjidi imom-xatibi

Check Also

Рамазон — меҳр-мурувват, хайру саховат ойи

Бисмиллаҳир Роҳманир Роҳим. Халқимиз ҳаётида маънавий поклик, меҳр-оқибат, хайру саховат фазилатлари сайқалланадиган муборак Рамазон ойининг …